O‘zbekistonda Mahalla va oila masalalari vazirligi tashkil etiladi

Jamiyat 6486
image

O‘zbekistonda Mahalla va oila masalalari vazirligini tashkil etiladi. Bu haqda bugun, 12 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan mahalla tizimini takomillashtirish, mahallalarda tinchlik-osoyishtalikni mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilingan. 

Qayd etilganidek, yangi vazirlik mahalladan tortib respublika darajasigacha 40 mingdan ortiq xodimni birlashtiradi va ularning “bir yoqadan bosh chiqarib”, yagona maqsad yo‘lida faoliyat ko‘rsatishlarini ta’minlaydi. Bir so‘z bilan aytganda, joylarda muammolarni hal qilishning yaxlit va ta’sirchan vertikal tizimi yaratiladi.

Vazirning birinchi o‘rinbosari oila, xotin-qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalarga mas’ul etib belgilanadi. Vazirning yana bir o‘rinbosari keksalarni ijtimoiy rag‘batlantirish, yoshlarda vatanparvarlikni mustahkamlash masalalari bilan shug‘ullanadi. Oilaviy tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish, tomorqa va obodonlashtirish, ekologiya, bandlikka ko‘maklashish masalalariga mas’ul o‘rinbosar lavozimi joriy etiladi.

Vazir – “Mahalla” jamg‘armasiga, vazirning birinchi o‘rinbosari – “Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash” jamoat fondiga, Keksalar va faxriylar bo‘yicha o‘rinbosar “Nuroniy” jamg‘armasiga raislikni ham bajaradi.

Vazirlikning hududiy boshqarma va bo‘limlari boshliqlari hokim o‘rinbosari hisoblanadi. Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i hududlardagi ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari darajasiga ko‘tariladi. Mahalla va oila masalalari vazirligi Ichki ishlar vazirligi bilan uzviy hamkorlikda ishlaydi.

Yangi tuzilmada xotin-qizlar bilan ishlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Shu vaqtga qadar xotin-qizlar qo‘mitalarida, mahallalarda mehnat qilib kelgan ayollar tuzilmada faoliyatini davom ettiradi, ularning mavqei, moddiy shart-sharoitlari va ish haqi ham sezilarli oshiriladi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yilning avgust oyida QALAMPIR.UZ O‘zbekistonda Oila vazirligini tashkil etish taklifi bilan chiqqan edi. 

Qalampir.uz Tahririyati
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 86
Reyting: 3
t
×