O‘zbekistonda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etilmoqda
Jamiyat
−
29 iyun 2020
14315O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Yangi agentlik bevosita Prezidentga bo‘ysunadi va mamlakat parlamentiga hisobdor bo‘ladi.
Farmon bilan Agentlikning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari belgilandi. Jumladan, Agentlik mamlakatda korrupsiya holatini tizimli tahlil qilishni ta’minlaydi.
Agentlik korrupsiyaga oid, birinchi navbatda, O‘zbekistonning milliy manfaatlariga va xalqaro imidjiga zarar yetkazuvchi jinoyatlarni tergov qilish natijalarini kompleks tahlil qiladi.
Agentlikka, shuningdek, quyidagi bir qator huquqlar berildi:
• byudjet mablag‘larining sarflanishi, davlat aktivlarining realizatsiya qilinishi, davlat xaridlari, investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va davlat dasturlari bajarilishi bilan bog‘liq materiallarni talab qilish, olish va o‘rganish;
• jismoniy va yuridik shaxslarning korrupsiya masalalari bo‘yicha murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda ularning buzilgan huquqlarini tiklash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha choralar ko‘rish;
• korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar bo‘yicha ma’muriy surishtiruvlar o‘tkazish;
• ijro hokimiyati va xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda ularning mansabdor shaxslari qarorlarida korrupsiya belgilari aniqlangan hollarda ularning ijrosini to‘xtatish yoki bekor qilish to‘g‘risida ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan taqdimnomalarni kiritish.
Agentlikning ogohlantirish, taqdimnoma va murojaatlari o‘n kun ichida ko‘rib chiqilishi va natijalari yuzasidan yozma axborot berilishi shart.
LiveBarchasi