O‘zbekistonda koronavirusning qaysi turi ko‘proq tarqalayotgani ochiqlandi

Intervyu

O‘zbekistonda koronavirusning qaysi shtammi ko‘proq tarqalmoqda? Bu haqdagi savol bilan QALAMPIR.UZ Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekovga yuzlandi. 

“Hozirgi tahlillar shuni ko‘rsatyaptiki, O‘zbekistonda hindcha va britancha shtammlar ko‘proq uchramoqda”, deydi Otabekov suhbatda. 

Mataxassisning qayd etishicha, ayni vaqtda O‘zbekiston koronavirusga qarshi kurashda o‘tgan yilgidan farqli yo‘lni bosib o‘tmoqda. 

“Dastlab Uxan shtammi bilan ishlagan edik. Bu safar Britaniya va Hindistonda identifikatsiya qilingan turlari ko‘proq tarqalganiga guvoh bo‘lyapmiz. Kasallikning tarqalish tendensiyasi o‘zgarib, bolalarning ishtiroki ortib bormoqda. Bir jihatga e’tibor qaratish lozim: mutatsiya jarayoni tabiiy holat. Uni fojia sifatida qabul qilmaslik kerak. Boisi viruslar o‘zgaruvchan. Ular tur yoki turkum sifatida saqlanib qolishi uchun ular o‘zgaruvchanlikka moyil. 

Ularning asosiy maqsadi – o‘zgarish barobarida o‘z hayotini saqlab qolish. Moskvada bir hamkasbim bilan “Red” jurnalini o‘qib qoldik. Unda bir fikr olg‘a surilgan edi. Bu Akademik Rillikovning deritizatsiya, ya’ni kemiruvchilarga qarshi kurashga qaratilgan fikrlari edi: “Agar kalamushlarni yo‘q qilish haqida o‘ylayotgan bo‘lsang, ular oyog‘ing tagida sendan qanday qutulish haqida yig‘ilish o‘tkazyapti”.

Bu balki majoziy o‘xshatishdir, lekin viruslar mutatsiya orqali odamlar bilan tinch va oqibat qilib yashab qolish uchun muloqotga kirisha boshlaydi. Shuning uchun, respirator viruslar gripp, koronavirus, revirus ko‘rinishida namoyon bo‘laveradi. O‘z vaqtida grippdan, qizamiq va virusli gepatitdan yiliga millionlab insonlar vafot etdi. Oxir-oqibat yoki biz vaksina yaratdik yoki u insonning hayotini saqlab qolish uchun harakat qildik. Endi u ham normal inson kabi yashay oladi. Tibbiyot sifati bunga yo‘l ochmoqda”, deydi Nurmat Otabekov. 

O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat qayd etilganiga ham qariyb bir yilu 4 oy bo‘lmoqda. Ayni vaqtda mamlakatda koronavirusga chalingan bemorlarning rasmiy soni 117409 nafarni tashkil etmoqda. 

Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Nurmat Otabekovga ko‘ra, ayni vaqtda koronavirusning 5000 dan 7000 tagacha turlari mavjud.

“Dastlab COVID-19 shtammi haqida gapira boshladik, vaqt o‘tib, keyinchalik uning britancha, braziliyacha, afrikancha, hindcha shtammlari haqida aytildi. Ularning hududiga qarab, yangi nom berila boshlandi. Mutaxassislarning aniqlashicha, COVID-19 ning 5000 dan 7000 gacha yangi turlari paydo bo‘lgan (!). 

Bir qarashda juda katta raqam, agar ularning hammasiga nom bersak, adashtirib qo‘yishimiz aniq. Nega yangi shtammlarga alohida e’tibor qaratdik, boisi, u yerdagi laboratoriyalarda olingan tahlillar natijasida virusning yangi xususiyatlari paydo bo‘lishi va o‘rganilishi mumkin”.

Nurmat Otabekov bilan bo‘lib o‘tgan suhbatning to‘liq video talqinini yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

vaktsina Nurmat Otabekov

Baholaganlar

420

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing