O‘zbekistonda koronavirus tarqalgani rad etildi

Salomatlik

image

O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlar aniqlanmagani haqida rasmiy axborotlar berilganiga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus O‘zbekistonda ham aniqlangani haqida turli mish-mishlar tarqalishda davom etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liq saqlash vazirligi Matbuot kotibi mazkur mish-mishlarga nisbatan munosabat bildirdi. Unda shunday deyiladi: 

“Hozirda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligida mamlakatimiz hududiga koronavirus infeksiyasini kirib kelishi va tarqalishini oldini olish bilan bog‘liq ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida tunu kun faoliyat ko‘rsatuvchi maxsus shtab faoliyat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, mazkur Agentlikda tashkil etilgan “Ishonch telefonlari” orqali Xitoydan kelayotgan fuqarolar, tahsil olayotgan talabalar, ularning ota-onalari, tadbirkor va boshqa soha xodimlariga tegishli tushuntirish va kerakli tavsiyalar ham berib borilmoqda.

Shu kunlarda havo, avtomobil va temir yo‘l transporti ob’ektlarida sanitariya-epidemiologiya va migratsiya nazorati har qachongidan ham kuchaytirilmoqda. Tezkor ma’lumotlarga qaraganda, birgina shu yilning 31 yanvar kuni Toshkent xalqaro aeroporti orqali xorijdan uchib kelgan jami 4194 nafar, temir yullari orqali esa 953 nafar fuqaro sanitariya-karantin punktlarida termometriyadan o‘tkazilgan. Natijada agentlikning virusologiya laboratoriyasiga koronavirusga tekshirish uchun 21 nafar fuqarodan namunalar olingan. O‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlar natijasida namunalar orasida koronavirus kasalligining virusi topilmagan.

Shu o‘rinda, turli ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizda koronavirus qayd etilganligi bilan bog‘liq xabarlar haqiqatga mutlaqo zid ekanligini yana bir bor ta’kidlab o‘tamiz. Bugungi kunga qadar yurtimiz fuqarolari orasida koronavirus infeksiyasi qayd etilmagan.

Eslatib o‘tamiz, koronavirus infeksiyasi va u bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining (71) 276-46-65, (71) 276-49-66 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin”.

Ma’lumot uchun, bugungacha Xitoyning Uxan shahrida paydo bo‘lib, dunyoga tarqalgan 2019-nCoV virusidan 259 nafar odam halok bo‘ldi. Dunyo bo‘yicha ushbu virus bilan kasallanganlar 11943 nafarga yetdi. Virus yuqtirganlarning asosiy qismi – 11791 nafari Xitoyda.


Maqola muallifi

Teglar

koronavirus

Baholaganlar

185

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing