O‘zbekistonda kommunal to‘lovlar narxi oshishi mumkin

Jamiyat

−

image

O‘zbekistonda joriy yil 1 noyabrdan boshlab isitish (issiqlik energiyasi) va issiq suv tariflari o‘rtacha 30 foizga oshirilishi mumkin. Bu haqda hukumatning bugun, 13 oktyabr kuni jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan “Issiqlik ta’minoti sohasida bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasida so‘z boradi.

Loyihaga ko‘ra, 1 noyabrdan isitish va issiq suv tariflarini aholi uchun respublika bo‘yicha 30 foizga oshirish taklif etilmoqda.

Loyiha bo‘yicha aholiga ko‘rsatiladigan markazlashgan issiqlik ta’minoti xizmatlarining 2026 yil 1 noyabrdan kuchga kiradigan yangi tariflari:

Shuningdek, “Aholini suyultirilgan gaz bilan uzluksiz ta’minlashning bozor mexanizmlarini bosqichma-bosqich joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi bilan maishiy ballonlarda yetkazib beriladigan suyultirilgan gaz narxini esa 1 kg uchun 2 ming so‘mdan 5 ming so‘mga oshirish nazarda tutilmoqda. Bunda ehtiyojmand oilalarga oyiga 20 kg gacha suyultirilgan gazning har bir kilogrammi uchun 3 ming so‘m kompensatsiya to‘lanadi, ya’ni ular uchun narx me’yor doirasida 2 ming so‘mligicha qoladi. Buning uchun 158 mlrd so‘m ajratiladi.

Shu bilan birga, gazlashtirilmagan va tabiiy gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlarda yashovchi aholi uchun isitish mavsumida elektr energiyasining bazaviy me’yorini oshirish taklif etilmoqda. 2026 yil 1 noyabrdan oylik bazaviy me’yorni amaldagi 200 kVt·soatdan 350 kVt·soatga yetkazish rejalashtirilgan.

Yangi tartibga ko‘ra, 201-350 kVt·soat oralig‘idagi elektr energiyasi amaldagi 900 so‘mdan emas, balki 650 so‘mdan hisoblanadi. Bu qo‘shimcha hajm uchun tarifning qariyb 28 foizga pasayishini anglatadi.

Masalan, oyiga 350 kVt·soat elektr energiyasi iste’mol qiladigan xonadonda to‘lov 265 ming so‘mdan 227,5 ming so‘mga tushadi. Shu tariqa bir oyda 37,5 ming so‘m tejaladi. 250 kVt·soat iste’mol qilinganda tejam 12,5 ming so‘m, 300 kVt·soatda esa 25 ming so‘mni tashkil etadi.

Yangi bazaviy me’yor gazlashtirilmagan abonentlarning qariyb 80 foizini qamrab olishi kutilmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1,5 mln dan ortiq xonadon isitish mavsumida deyarli 171 mlrd so‘m mablag‘ni tejab qolishi mumkin. Bir xonadon hisobiga o‘rtacha tejam oyiga 27,5 ming so‘m atrofida bo‘ladi.

Isitish mavsumi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida oktyabr-fevral oylarini, boshqa hududlarda esa noyabr–fevral oylarini qamrab oladi.

Bundan tashqari, tabiiy gaz tarmog‘iga ulangan, ammo ayrim davrlarda gaz yetib borishi qiyin bo‘lgan hududlardagi xonadonlar ham mazkur muammoga duch kelmoqda. 2025 yil 2 dekabrdan 2026 yil 17 martgacha bo‘lgan davrda bunday xonadonlar soni ayrim kunlarda 5 mingtadan 607 mingtagacha o‘zgargan.

Energiya tariflari islohoti doirasida aholini qo‘llab-quvvatlash faqat elektr energiyasi bo‘yicha imtiyoz bilan cheklanmaydi. 2026 yil noyabr oyida ehtiyojmand oilalarga bir martali 1 mln so‘mdan yordam ajratish rejalashtirilgan. Elektr va tabiiy gaz bo‘yicha kompensatsiya olish mezoni ham kengaytiriladi, natijada qo‘shimcha 166 ming oila qamrab olinadi.

Shuningdek, bazaviy me’yordan yuqori iste’mol uchun kompensatsiya berish muddatini 2027 yil 1 apreldan 2028 yil 1 aprelga qadar uzaytirish taklif etilmoqda. Bu 470 ming oilaning yana bir yil davlat ko‘magidan foydalanishini ta’minlaydi. Mazkur maqsad uchun qo‘shimcha 150 mlrd so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.

Energiya xarajatlarini uzoq muddatda kamaytirish uchun “og‘ir” toifadagi mahallalarda davlat ta’minotidagi oilalarning 3 mingta xonadonida energiya samaradorligiga qaratilgan ishlar davom ettiriladi. Uylarni issiqlikni saqlovchi materiallar bilan izolyatsiyalash, energiya tejamkor deraza va eshiklar o‘rnatish, quyosh panellari hamda geliokollektorlardan foydalanish shular jumlasidan.

Shu tariqa elektr energiyasining qishki bazaviy me’yorini oshirish qisqa muddatli yengillik vazifasini bajarsa, uy-joylarni energiya samarador qilish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish uzoq muddatda aholi xarajatlarini kamaytirishga qaratilgan.

Loyihalar muhokamasi joriy yil 28 oktyabrga qadar davom etadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing