O‘zbekistonda xususiy sektordagi bizneslar sezilarli darajada rivojlanmayapti – Jahon banki
Jamiyat
−
03 fevral 2022
7448Jahon Banki O‘zbekiston haqida bayonot e’lon qilib, unda mamlakatning bosib o‘tgan iqtisodiy yo‘lini tahlil qildi. Unda iqtisodiyot rivoji uchun mamlakat rasmiylari nimalarga e’tibor qaratishi kerakligi xususida ham so‘z boradi.
Qayd etilishicha, uzoq yillar mobaynida turg‘unlik va yopiqlikda qolgan O‘zbekiston iqtisodi 2017 yilda boshlangan islohotlar ortidan bozor iqtidiyotiga asoslangan raqobatbardosh rivojlanish yo‘lidan bormoqda.
Mamlakatda amalga oshirilgan muhim islohotlarni sanarkan, nashr bunda eng ahamiyatli – valyuta bozorining erkinlashtirilishi, muhim tariflarning kamaytirilishi, maxsus xizmat va tovarlarning tannarxi pasayishi hamda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining tashkil etilishini alohida e’tirof etadi.
Ushbu qadamlar mamlakatda xususiy sektorning rivojlanishi va yangi ish o‘rinlari paydo bo‘lishida muhim ekani ta’kidlagan.
Bundan tashqari Jahon Banki o‘z iqtisodini 2030 yilgacha yanada rivojlantirish uchun O‘zbekiston nimalarga e’tibor qaratishi kerakligi haqida ham ma’lum qilgan.
Bildirilishicha, O‘zbekistonda sog‘lom bozor raqobati yaxshi rivojlanmagan. “Bertelsmann Transformation Index” tashkilotining e’lon qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, 2016-2020 yillar mobaynida O‘zbekiston mahsulot bozorida raqobat sezilarli darajada o‘sgan. Ammo, u raqobaat borasida Rossiya, Polsha, Ukraina kabi Yevropa hamda Tojikiston kabi Markaziy Osiyo davlatidan ortda qolmoqda.
Tashkilotning bildirishicha, O‘zbekistonda yillar davomida mavjud bo‘lgan xususiy sektordagi bizneslar sezilarli darajada rivojlanamyapti. Tashkil etilganiga 10 yil bo‘lgan shirkatlar o‘rtacha 20 nafar ishchi kuchiga ega. Vetnam bilan taqqoslaydigan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich o‘rtacha 33,6 nafar ishchi sonini tashkil qiladi.
Jahon Banki O‘zbekiston xususiy sektorni yanada rivojlantirish uchun nimalarga e’tibor berish kerakligi haqida ham to‘xtalgan.
Xususiy sektordagi bizneslar faoliyatida raqobatni rivojlantirishni davom ettirish va ularda davlat ulushini kamaytirish. Ta’kidlanishicha, xususiy biznes va davlat ishtirokidagi tashkilotlar raqobatlashadigan bozorda nosog‘lom raqobat yuzaga keladi.
Bizneslar rivojini qo‘llab-quvvatlaydigan soliq tizimi. Mamlakat soliq tizimi soliq stavkalari va ma’muriy yuk (nagruzka)ni muvofiqlashtirish orqali bizneslar o‘sishini rag‘batlantirishi kerak. Soliq miqdori tashkilot salohiyatiga qarab oshib borishi lozim.
Mikro, kichik va o‘rta korxonalarning moliyalashtirish imkoniyatlarini yaxshilash. Bunga bank tizimini isloh qilish, banklar o‘rtasida raqobatni rivojlantirish, ulardagi davlat ulushini kamaytirish va inson kapitalini orttirish orqali erishish mumkin.
Elektr energetikasi sohasida islohotlarni amalaga oshirish. O‘zbekistonda ancha eskirib qolgan ushbu sohaning reformatsiya qilinishi o‘ta muhim ekani ta’kidlangan. Hozirgi kunda hukumat bu sohaga xususiy sektorni jalb qilish orqali raqobatni shakllantirishga urinayotgani ma’lum qilingan.
Xususiy sektor o‘sishini ta’minlash uchun kadrlar salohiyatini yaxshilash. COVID-19 inqirozi boshlanishidan oldin ko‘plab investitsion korxonalar O‘zbekistonda kadrlar salohiyati yetishmovchiligi bilan bog‘liq muammolar haqida bildirishgan. Pandemiya sababli onlayn shaklda olib borilayotgan ta’lim tizimi kelajakdagi kadrlar salohiyatiga ham ta’sir qiladi. Ta’lim sohasida islohotlarni amalga oshirish eng muhim va birlamchi, deyiladi tashkilot bayonotida.
LiveBarchasi