O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Rustam Shodiyev vafot etdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, taniqli olim, iqtisodiyot fanlari doktori, sobiq Mehnat vaziri o‘rinbosari, turizm sohasi rivojiga katta hissa qo‘shgan mutaxassis, professor Rustam Hamidovich Shodiyev 82 yoshida vafot etdi. Bu O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi xabar berdi

Rustam Shodiyev 1938 yil 15 mayda ziyolilar oilasida tug‘ildi. 1955 yilda Toshkent shahridagi 28-sonli maktabni oltin medal bilan tugallab, Moskva davlat iqtisodiyot institutiga o‘qishga kirdi.

U o‘z mehnat faoliyatini 1960 yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi iqtisodiyot institutida laborantlikdan boshladi va 26 yil davomida kichik ilmiy xodimdan to ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimigacha bo‘lgan pog‘onalarni bosib o‘tdi. 

1967 yilda Moskva shahrida - nomzodlik, 1981  yilda esa doktorlik dissertatsiyasini yoqladi. 1983 yilda professor unvonini oldi.  

1980-1984  yillarda  Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) “Suriya Arab Respublikasida mehnatni tashkil etish va samaradorligini oshirish” nomli loyihasiga rahbarlik qildi. Safardan qaytgach, Mehnat vaziri o‘rinbosari va Tashqi ishlar vazirligida boshqarma boshlig‘i lavozimlarida ishladi. Bank-moliya akademiyasi ilmiy markaziga rahbarlik qildi. 

1997 yildan 2005 yilgacha - Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Jahon iqtisodiyoti” kafedrasi mudiri, 2005-2019 yillarda esa Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining “Xalqaro turizm”  kafedrasi professori lavozimida faoliyat yuritdi.

Rustam Shodiyev O‘zFA Kibernetika institutida, keyinchalik uzoq yillar nafaqaga chiqishiga qadar O‘zbekiston Mehnat vazirligi qoshidagi ilmiy tekshirish institutida katta ilmiy xodim lavozimida ishlagan. 

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Respublikasining YUNESKOdagi doimiy vakili Umid Shodiyev Rustam Hamidovich Shodiyevning o‘g‘li. 

QALAMPIR.UZ tahririyati a’zolari marhumning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik bildiradi. 


Maqola muallifi

Teglar

Rustam Shodiev Umid Shodiev

Baholaganlar

88

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar