“Chegara bilmas muxbirlar” Karimov vafotidan keyingi davrdagi OAV uchun sharoitlarga baho berdi
Jamiyat
−
03 may
13224O‘zbekiston matbuot erkinligi bo‘yicha 2024 yilgi yangi reytingda 180 ta davlat ichida 148-o‘rinni egalladi. Bu haqda “Chegara bilmas muxbirlar” (Reporters Without Borders) xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan e’lon qilingan hisobotda ma’lum qilindi.
Qayd etish joiz, bu yil O‘zbekiston 2023 yilgi reytingdagi o‘rnidan 11 pog‘ona pastladi.
“Prezident Islom Karimovning 2016 yilda vafot etganidan so‘ng OAV uchun sharoitlar deyarli yaxshilanmadi va hokimiyatdagilarni tanqid qilish juda murakkabligicha qolmoqda”, deyiladi hisobotda.
Hisobotdan ko‘rish mumkinki, O‘zbekiston to‘q qizil rangda tasvirlangan, ya’ni “juda jiddiy” holatda.
Shuningdek, hisobotda 2024 yildan bugungi kunga qadar 4 nafar jurnalist hibsga olingani keltirilgan.
Qayd etilishicha, rasmiylar ommaviy axborot vositalariga qarshi repressiv qonunlarni tugatish uchun zarur bo‘lgan islohotlarni hali amalga oshirmagan. Senzura, kuzatuv va o‘z-o‘zini senzura qilish keng tarqalgan.
“O‘z mustaqilligini saqlab qolish uchun ayrim mahalliy internet nashrlar jinoiy javobgarlikka tortilish va katta jarima to‘lash xavfi ostida OAV sifatida rasman ro‘yxatdan o‘tishni istamaydi”, deyiladi tashkilotning O‘zbekiston haqidagi hisobotida.
Bundan tashqari, ushbu hisobotda bloger Otabek Sattoriyga ochilgan ish va 2022 yilda yuz bergan Nukusdagi tartibsizliklarni yoritgan jurnalistlarga nisbatan bo‘lgan bosim haqida ham so‘z borgan.
Eng yaxshi va eng yomonlari
Siyosiy ko‘rsatkichning umumiy pasayishi Jahon matbuot erkinligi indeksining yuqori qismida joylashgan uchlikka ham ta’sir qildi.
Hali ham birinchi o‘rinda Norvegiya, ammo uning siyosiy reytingida pasayish kuzatildi. Ciyosatchilar ommaviy axborot vositalarini sud jarayonlari bilan qo‘rqitishga uringan Irlandiya (8-o‘rin) Yevropa Ittifoqidagi yetakchi mavqeini Daniyaga (2-o‘rin), keyin Shvetsiyaga berdi (3-o‘rin).
O‘tgan yilgi indeksning eng quyi pog‘onasida joylashgan uchta Osiyo davlati – Vetnam, Xitoy va Shimoliy Koreya o‘z o‘rnini siyosiy ko‘rsatkichlari keskin tushib ketgan uch davlatga berdi: Afg‘oniston, Suriya va Eritreya.
Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyodagi holat
Keltirilishicha, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda ommaviy axborot vositalari senzurasi Rossiyaning repressiv usullariga "ajoyib" tarzda taqlid qilish, ayniqsa Belarus (10 o‘rin pastlab, 167-o‘ringa tushdi), Gruziya (103-o‘rin), Qirg‘iziston (120-o‘rin) va Ozarbayjonda (13 o‘ringa tushib, 164-o‘rin) kuchaygan.
Kremlning ta’siri Serbiyagacha yetib bordi (7 pog‘onaga tushib, 98-o‘rin).
“Bu yerda hukumatparast OAVlar Rossiya propagandasini olib boradi va rasmiylar quvg‘undagi rossiyalik jurnalistlarga tahdid solmoqda. 2024 yilda Vladimir Putin hayratlanarli tarzda qayta saylangan Rossiya Ukrainada urush olib borishda davom etmoqda, bu ommaviy axborot vositalari ekotizimiga va jurnalistlar xavfsizligiga katta ta’sir ko‘rsatdi”, deyiladi hisobotda.
Bu yilgi matbuot erkinligida Qozog‘iston 142-o‘rinda (o‘tgan yili 134-o‘rin) qayd etilgan. Tojikiston 155-o‘rin (o‘tgan yili 153-o‘rin), Qirg‘iziston 120-o‘rin (o‘tgan yili 122-o‘rin), Turkmaniston 175-o‘rin (o‘tgan yili 176-o‘rin)da ekani ko‘rsatilgan.
Dunyodagi vaziyat
Xalqaro miqyosda bu yil jurnalistlarni himoya qilish tamoyillarini, xususan, BMT Xavfsizlik Kengashining 2222-rezolyutsiyasini amalga oshirishda xalqaro hamjamiyat tomonidan siyosiy iroda yo‘qligi bilan ajralib turadi. G‘azodagi urush 2023 yil oktyabr oyidan beri jurnalistlar va ommaviy axborot vositalariga nisbatan rekord darajadagi qonunbuzarliklar bilan qayd etilgan.
100 dan ortiq falastinlik muxbirlar Isroil mudofaa kuchlari tomonidan o‘ldirilgan, qotilliklarning kamida 22 nafari ish paytida sodir bo‘lgan.
Ishg‘ol qilingan va Isroilning doimiy bombardimonlari ostida bo‘lgan Falastin 2024 yilgi Jahon matbuot erkinligi indeksida 180 mamlakat va hududlar orasida 157-o‘rinni egalladi, ammo jurnalistlar xavfsizligi bo‘yicha oxirgi 10 o‘rindan joy oldi.
Qayd etish kerak, bugun, 3 may – butun dunyoda Jahon matbuoti erkinligi kuni hisoblanadi.
LiveBarchasi