O‘zbekistonda kambag‘allar 1 yilda 11 foizga kamaygani aytildi
Jamiyat
−
01 fevral
3338O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 2023 yil yakunida 11,0 foizgacha pasaydi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi va Statistika agentligi tomonidan 2023 yil uchun O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi tahlil qilingan. Statistika agentligi tomonidan o‘tkazilgan 16 mingta uy xo‘jaliklari kuzatuvlariga ko‘ra, mamlakatda kambag‘allik darajasi 2023 yil yakunida 11,0 foizgacha pasaygani aniqlangan.
“Mamlakatimizda o‘tgan yilga nisbatan 3,1 foizga kambag‘allik qisqargan. 2022 yil natijalarida kambag‘allik darajasi 14 foizni tashkil etgan. Jarayon Jahon banki ekspertlari tomonidan tekshirildi”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, kambag‘allikning pasayishi barcha viloyatlarda qayd etilgan. Sirdaryo (19,5% dan 13,8% gacha), Andijon (17,4% dan 11,9% gacha) viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda (19,9% dan 13,7% gacha) sezilarli darajada qisqargan.
Minimal o‘zgarishlar Toshkent shahri (8,5% dan 7,9% gacha) va Buxoro (11,9% dan 11,8% gacha), Qashqadaryo (12,7% dan 11,5% gacha) viloyatlarida aniqlangan.
“2023 yilda jami 4,1 mln aholi, shundan 2,3 mln nafari doimiy va mavsumiy ish o‘rinlarida, 112,8 ming nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlarida, 1,6 mln aholi o‘zini o‘zi band qilish hisobiga bandligini ta’minlashga erishildi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Shuningdek, 181 ming nafar ishsiz fuqarolar kasb-hunarga o‘qitilgani va 183,8 mingta yangi tadbirkorlik sub’ektlari tashkil etilgani aytilgan.
Inflyatsiya darajasidan kelib chiqib, 2024 yil uchun hisoblangan MIX (minimal iste’mol xarajatlari) qiymati 621 ming so‘mni tashkil etgan.
LiveBarchasi