O‘zbekistonda qurilayotgan ilk AES nazoratiga xorijiy kompaniyalar jalb qilinadi
Jamiyat
−
11:22 568 3 daqiqa
O‘zbekistonda qurilayotgan ilk Integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi loyihasini boshqarish va texnik nazoratni kuchaytirish uchun yetakchi xorijiy injiniring kompaniyalari ishtirokida qo‘shma korxona tashkil etish taklif qilindi. Mazkur korxona loyiha yechimlari, uskunalar va qurilish ishlarini mustaqil baholashi kutilmoqda. Bu haqda joriy yilning 2 sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga mamlakatdagi birinchi Integratsiyalashgan AES loyihasi bo‘yicha taqdim etilgan hisobotda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, yangi mexanizm qurilish jarayonini sekinlashtirish uchun emas, aksincha, texnik yechimlar sifati va xavfsizligini qo‘shimcha nazorat qilish uchun joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Qo‘shma injiniring korxonasi murakkab qismlarni mustaqil tahlil qilishi, loyiha hujjatlari va qurilish natijalarining belgilangan standartlarga muvofiqligini tekshirishi kerak.
Hozircha ushbu korxonada qaysi xorijiy kompaniyalar ishtirok etishi ma’lum emas. Rasmiy qaror qabul qilinmagani sababli kompaniyalar nomini hozircha e’lon qilish to‘g‘ri emasligi bildirilgan. Loyihaning o‘zi esa allaqachon amaliy qurilish bosqichiga kirgan. Birinchi energoblok poydevorining betonlash ishlari 4 iyun kuni boshlangan va hozirgacha poydevorga 916 kub metr beton quyilgan.
Mutasaddilarga ko‘ra, bu shunchaki sinov yoki ramziy beton quyish emas, balki birinchi blokning tayanch konstruksiyasini barpo etishning boshlanishidir. Keyingi bosqichda umumstansiya inshootlarini loyihalashni yakunlash va uzoq muddatda ishlab chiqariladigan uskunalarni tayyorlash ishlarini jadallashtirish rejalashtirilgan.
Loyiha faqat reaktorlar va elektr tarmoqlaridan iborat bo‘lmaydi. Stansiya yaqinida 33 ming aholiga mo‘ljallangan atomchilar shaharchasi ham barpo etiladi. 100 gektarlik hududda qariyb 10 mingta xonadon qurilishi ko‘zda tutilgan. Shundan 3 mingta xonadon birinchi bosqichda bunyod etiladi. Shaharchada maktablar, bog‘chalar, tibbiyot, sport va madaniyat ob’ektlari, ilmiy institutlar hamda yashil hududlar bo‘ladi.
Shuningdek, stansiyaning normal ishlashi uchun katta hajmdagi tashqi infratuzilma ham yaratiladi. Xususan, 388 kilometr elektr tarmoqlari, 110 kilovoltli podstansiya, 21 kilometr ichimlik suvi, 120 kilometr texnik suv quvurlari, 39,5 kilometr avtomobil yo‘li va 11 kilometr temiryo‘l qurilishi rejalashtirilgan.
Bu ishlarning katta qismida mahalliy korxonalarni jalb qilish ko‘zda tutilgan. Tashqi infratuzilmada mahalliy mahsulot va xizmatlar ulushini 60–70 foizgacha yetkazish maqsad qilingan.
Loyihada mahalliylashtirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Ma’lum qilinishicha, hozirning o‘zida 30 dan ortiq mahalliy korxona kabel, metall prokat, temir-beton va gidroizolyatsiya mahsulotlarini yetkazib berishga qodir.
Mahalliylashtirish darajasini 30 foizdan oshirish uchun Forish tumanida, stansiyadan 25 kilometr uzoqlikda, 200 gektarlik ixtisoslashtirilgan sanoat zonasi tashkil etish taklif qilingan. Bu hududda 15 yo‘nalishda mahsulot ishlab chiqarish va yig‘ish, shuningdek, 2 mingtagacha yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
AES qurilishining eng faol davrida maydonda 10 mingdan ortiq ishchi va mutaxassis mehnat qilishi kutilmoqda. Ularning 65–70 foizi mahalliy kadrlar bo‘lishi rejalashtirilgan.
Stansiya hali ishga tushmasidan turib, uning bo‘lajak xodimlarini tayyorlashga ham kirishilgan. 2023 yildan buyon “MMFI” Milliy tadqiqot yadro universitetining Toshkent filialini 216 nafar talaba tamomlagan. Ularning 83 nafari Xitoy, Vengriya, Fransiya, Italiya va Koreyadagi oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirmoqda. Yana 100 nafar mutaxassis O‘zbekistondagi to‘rtta oliygohda tayyorlanmoqda.
Loyihaning yana bir o‘ziga xos jihati – bir hududda katta quvvatli VVER-1000 reaktorlari va RITM-200N kichik modulli bloklarining birlashtirilishidir. Bu yondashuv elektr ishlab chiqarish quvvatini bosqichma-bosqich oshirish, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish va O‘zbekistonda atom energetikasi bo‘yicha muhandislik maktabini shakllantirish imkonini berishi kutilmoqda.
Loyiha Xalqaro atom energiyasi agentligining (XAEA) Milestones Approach strategik yondashuvi va “3S” – xavfsizlik, jismoniy himoya hamda kafolatlar tamoyillari asosida amalga oshirilmoqda. Iyun oyida O‘zbekistonda XAEAning Bildirilishicha, INIR Follow-up missiyasi o‘tkazilib, unda 16 ta vazirlik va idoradan 41 nafar rahbar va mutaxassis qatnashgan. Missiyaning rasmiy hisoboti keyinchalik XAEA saytida e’lon qilinadi.
Loyiha bo‘yicha joriy yil oxirigacha loyiha hujjatlarini yakunlash, tashqi tarmoqlar qurilishini boshlash, mahalliylashtirishni kengaytirish va bo‘lajak xodimlarni tayyorlashni jadallashtirish rejalashtirilgan. 2027 yilda esa VVER katta bloklari bo‘yicha litsenziya hujjatlarini ishlab chiqish, umumstansiya binolarini loyihalash va uzoq muddatda ishlab chiqariladigan uskunalarga buyurtma berish ko‘zda tutilgan.
Live
Barchasi