O‘zbekistonda qancha ishsiz odam borligi aytildi
Jamiyat
−
08 yanvar
27665Bugun, 8 yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini oshirish hamda tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda ishsizlar soni 1 million 300 ming nafarni tashkil qiladi. Bildirilishicha, bu yil yana 2 million 400 ming aholi mehnat bozoriga kirib keladi.
Qayd etilishicha, sifatli va yuqori daromadli ish o‘rinlari hisobiga joriy yilda 5 million aholining bandligini ta’minlash maqsad qilingan. Jumladan, xizmatlar sohasida 2,5 million, qishloq xo‘jaligida 2,1 million, investitsiya loyihalari va sanoatda 250 ming, qurilishda 140 ming ish joyi yaratish imkoniyati bor.
Ta’kidlanishicha, zamonaviy moliyaviy instrumentlar, jumladan, mikromoliyalashning yangi tizimini keng joriy qilish orqali 2 million aholini biznesga jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.
Taqdimotda mutasaddilar 2024 yilda yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish dasturi bo‘yicha axborot bergan. Shavkat Mirziyoyev bu dasturni ma’qullab, uni amalga oshirish yuzasidan qo‘shimcha ko‘rsatmalar bergan.
Shuningdek, so‘nggi yillarda 2 million 400 ming aholi o‘zini o‘zi band qilgani ta’kidlanib, endi ularning faoliyatini kengaytirish, bosqichma-bosqich kichik biznesga o‘tkazish va bozor topishiga ko‘maklashish muhimligi aytilgan. “Mening biznesim” platformasi, “Biznesga birinchi qadam” bank kartalari joriy etilishi buning uchun qulaylik yaratgani qayd etilgan.
Bundan tashqari, iqtisodiy aylanmaga kiritilmagan yerlarni infratuzilmaga ulash, loyihalarni ishga tushirish uchun tashabbuskorlarni qo‘llab-quvvatlash zarurligi ta’kidlangan. “Agregator” tizimi asosida “100 ming eksportchi dehqon” dasturi joriy qilinib, bu yil 15 ming gektar yer maydonlari auksionga chiqarilishi belgilangan.
Shu bilan birga, mehnat stajiga ega bo‘lmagan shaxslarni kasb-hunarga o‘qitish, ijtimoiy reyestrdagi fuqarolarni ishga olgan korxonalarga soliq bo‘yicha yengilliklar qo‘llash muhimligi ham aytib o‘tilgan.
Iqtisodiyot va moliya vazirligiga esa yangi ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha qo‘shimcha zaxira va imkoniyatlarni aniqlash vazifasi qo‘yilgan.
Taqdimotda tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash tartibini soddalashtirishga oid takliflar ham ko‘rib chiqildi.
Ma’lumki, bu yil o‘zbekistonda “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilindi. Biznesni yuritish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsad qilingan.
“Aytish joizki, shu paytgacha tadbirkorlardan mavjud ma’lumotlarni qo‘shimcha ravishda talab qilish holatlari bor edi. Joriy yildan boshlab 34 turdagi hisobotlar bekor qilinmoqda. Buning natijasida har yili 21 mingdan ortiq tadbirkorning 500 million so‘m xarajati tejaladi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Prezident tadbirkorlar tomonidan taqdim etiladigan hisobotlarning yagona ro‘yxati tasdiqlanmagani sababli yagona hisobotlar tizimini joriy qilish bo‘yicha topshiriq bergan.
Bundan tashqari, tadbirkorlarga majburiy talablarni qisqartirish maqsadida 16 ta litsenziya va ruxsatnomani bekor qilish lozimligi belgilangan.
Bu borada berilayotgan yengilliklarni tadbirkorlarga yetkazish, ularning takliflarini doimiy o‘rganib, statistik hisobotlarni yanada maqbullashtirib borish vazifasi qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2 yanvar kuni Prezident raisligida mudofaa qurilishi va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tgandi. Unda Shavkat Mirziyoyev mudofaani kuchaytirish bo‘yicha topshiriq bergandi. 4 yanvar kuni esa Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligida suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
LiveBarchasi