O‘zbekistonda qancha ayol sudya borligi ma’lum qilindi
Jamiyat
−
22 iyun 2021
12256O‘zbekistondagi bugungi kunda faoliyat olib borayotgan sudyalarning 12 foizini ayollar tashkil qiladi. Bu haqda Bugun, 22 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashida o‘tkazilgan matbuot anjumani kengash raisi Xolmo‘min Yodgorov aytib o‘tdi.
Xolmo‘min Yodgorovning aytishicha, O‘zbekistonda sudyalar soni oldingi yillarga qaraganda sezilarli darajada oshgan. Umumiy sudyalar soni esa 1200 nafardan ortiq.
“Respublikamizda bugunga kunda 1248 nafar sudya faoliyat yuritmoqda. Shundan 158 nafari ayollardir. 158 nafar ayol sudyalarning ichida 30 dan ortig‘i yuqori lavozimda ishlaydi. Sudyalarning 44 foizi esa birinchi marta sudya bo‘lib faoliyat olib boryapti”, deydi Yodgorov.
Xolmo‘min Yodgorov so‘zida davom etarkan, yil boshidan beri qancha sudya o‘z vazifasidan ozod etilganiga ham to‘xtaldi.
“2021 yilning o‘tgan 6 oyi davomida 17 nafar sudya ishdan olingan. Ularning 4 nafari sudyalik qasamyodini buzgani uchun, 4 nafari arizasiga asosan, 8 nafari boshqa ishga o‘tgani tufayli va 1 nafari vafot etgani munosabati bilan vakolati muddatidan ilgari tugatildi. Kengash 84 nafar sudyaga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llashga rozilik berdi. Ayni paytda 83 ta sudyalik lavozimi uchun vakant mavjud”, deydi Yodgorov.
Ma’lum qilinishicha, o‘tgan yili bir nafar sudya pora bilan qo‘lga tushgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistondagi sudyalar o‘rtacha 16 mln so‘m maosh olishi haqida xabar bergan edik.
LiveBarchasi