O‘zbekistonda qamalganlar soni 22 foizga oshdi
Jamiyat
−
10:17 906 2 daqiqa
O‘zbekistonda 2026 yilning birinchi yarmida sudlar tomonidan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanganlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 22 foizga, ya’ni 2 ming 133 nafarga ko‘paydi. Bu haqda Oliy sud xabar berdi.
Tahlillarga ko‘ra, yanvar-iyun oylarida mamlakat sudlari tomonidan 11 ming 703 nafar shaxs ozodlikdan mahrum qilingan. 2025 yilning mos davrida esa bu ko‘rsatkich 9 ming 570 nafarni tashkil etgan.
Joriy yilning dastlabki olti oyida Toshkent shahri bunday jazo olganlar soni bo‘yicha 2 030 nafarni tashkil etib, birinchi o‘rinda qayd etilgan. Keyingi o‘rinlarda Farg‘ona viloyati – 1 462 nafar va Toshkent viloyati – 1 452 nafar bilan qayd etilgan. Eng kam ko‘rsatkich Qoraqalpog‘istonda bo‘lib, bu yerda 317 nafar shaxs ozodlikdan mahrum qilingan.
Shuningdek, Toshkent shahrida ikki nafar shaxsga umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Sudlanganlar orasida 179 nafar shaxs qasddan odam o‘ldirish, 1 ming 376 nafar shaxs esa qasddan badanga og‘ir va o‘rtacha og‘irlikda tan jarohati yetkazish jinoyatlarini sodir etgan. Bundan tashqari, 1 ming 789 nafar kishi bezorilik, 5 ming 788 nafar shaxs esa giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlangan.
2026 yilning birinchi yarmida korrupsiyaga oid jinoyatlar bo‘yicha qariyb 3 ming 605 nafar shaxs sudlangan. Ularning 779 nafari ozodlikdan mahrum qilingan, 614 nafariga jarima jazosi tayinlangan.
Qolganlardan 1 ming 479 nafari axloq tuzatish ishlariga, 711 nafari esa ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev 852 nafar mahkumni afv etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi.