O‘zbekistonda ishsizlik darajasi kamaygani aytildi
Jamiyat
−
14 noyabr 2020
5905O‘zbekistonda yanvar-sentyabr oylarida ishsizlik darajasi 11,1 foizni tashkil etib, yilning birinchi yarim yilligiga nisbatan 2,1 foizga kamaydi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi axborot xizmati ma’lum qildi.
Xabar berilishicha, sentyabr oyida respublikaning 108 ta shahar va tumanlarida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Respublika aholi bandligi va mehnatni muhofaza qilish ilmiy markazi tomonidan ijtimoiy so‘rov o‘tkazilgan. Tadqiqot davomida 490 ta o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, 4,9 mingta uy xo‘jaliklari hamda 26 ming nafar fuqarolar qamrab olindi.
2020 yilning yanvar-sentyabr oylarida mehnat resurslari soni 19 mln 121,3 ming kishini tashkil etib, 2019 yilning shu davriga nisbatan 100,7 foizga yoki 135,5 ming kishiga oshgan.
Iqtisodiyot tarmoqlarida band bo‘lganlar soni 13 mln 205,2 ming kishini tashkil etib, yilning birinchi yarim yilligiga nisbatan 3,7 foizga (468,5 ming kishiga) oshgan.
Yanvar-sentyabr oylarida rasmiy sektorda band aholi soni 5 mln 673,8 ming kishini tashkil qilib, yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan 1,7 foizga yoki 92,6 ming kishiga oshdi.
Norasmiy sektorda band bo‘lganlar soni 5 mln 618,8 ming kishini tashkil etib, joriy yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan 9,9 foiz yoki 504,2 ming kishiga ortgan. Bu asosan respublikadan tashqariga ishlash uchun chiqadigan mehnat migrantlarining ichki mehnat bozoriga qaytib kelishi hamda mavsumiy ishlar qishloq xo‘jaligida band bo‘lganlarning ortishi evaziga yuzaga kelgan.
Respublikadan tashqariga ishga ketganlar soni 1 mln 912,6 ming kishini tashkil etgan, bu yanvar-iyun oylariga nisbatan 128,3 ming kishiga yoki 6,3 foizga kamaygan.
O‘tkazilgan tadqiqot natijalari ko‘ra, ishga muhtoj bo‘lganlarning umumiy soni 1 mln 642,5 ming kishini tashkil etdi. Ishsizlik darajasi iqtisodiy faol aholi orasida 11,1 foizni tashkil etganligini ko‘rsatdi. 16−30 yoshgacha bo‘lganlar o‘rtasida ishsizlik darajasi 17,1 foiz, ayollar o‘rtasida ishsizlik darajasi esa 14,7 foiz bo‘ldi.
Yanvar-sentyabr oylarida O‘zbekistonda iqtisodiy nofaol aholi 4 mln 273,6 ming kishini tashkil etib, yilning birinchi yarim yilligiga nisbatan 3 foizga yoki 130,3 ming kishiga kamaygan.
Yilning birinchi 9 oyi davomida tuman va shaharlardagi Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga murojaat qilgan 910 201 nafar fuqaroga xizmat ko‘rsatildi.
Murojaat qilgan fuqarolarning 243 946 nafari ish bilan ta’minlandi, 500 449 kishi jamoat ishlariga jalb qilindi, 25 384 nafar ishsizlar kasbga o‘qitildi, 45 036 nafar fuqaroga ishsizlik nafaqasi tayinlandi, 38 002 kishiga mehnat munosabatlari bo‘yicha konsultatsiyalar berildi.
Shuningdek, Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan ajratiladigan subsidiyalar hisobiga 30 827 nafar oila shaxsiy tomorqalarda, 19 174 nafar fuqaro qishloq xo‘jaligi, tikuvchilik va hunarmandchilik kooperativlarida band qilindi, 7 383 nafar fuqaro tadbirkorlikka jalb etildi.
Ma’lumot uchun, yilning ikkinchi chorak yakunlariga ko‘ra O‘zbekistonda ishsizlik ko‘rsatkichi 15 foizgacha va yanvar-iyun oylari bo‘yicha esa bu ko‘rsatkich 13,2 foizni tashkil etgan edi.
LiveBarchasi