O‘zbekistonda Google Pay ishga tushirildi (video)

Jamiyat

−

image

O‘zbekistonda Google Pay xalqaro to‘lov xizmati ishga tushirildi. Bu haqda bugun, 19 oktyabr kuni Samarqandda C5+1 formatida o‘tkazilayotgan tadbirlar doirasidagi “Raqamli texnologiyalar”ga bag‘ishlangan panel sessiyasida ma’lum qilindi.

Sessiyada so‘zga chiqqan Google Cloud kompaniyasining Markaziy va Sharqiy Yevropa bo‘yicha hukumat bilan aloqalar va davlat siyosati masalalari rahbari Marsin Krasuski xizmat O‘zbekistonda ish boshlaganini e’lon qildi.

“Menimcha, O‘zbekiston ilg‘or raqamli tartibga solish bo‘yicha yetakchilardan biri. Shu sababli bugun Google O‘zbekistonda GPay — Google Pay xizmatini ishga tushirayotganini mamnuniyat bilan e’lon qilaman”, deydi u.

Panel sessiyasi Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH davlat idoralari vakillari, shuningdek, yetakchi kompaniyalar ishtirokidagi biznes dastur doirasida o‘tkazilmoqda.

Joriy yilning 26 mart kuni Prezident “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida” gi qonunga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonunni imzolagan edi. Hujjat bilan barcha shaxsiy ma’lumotlarni faqat O‘zbekiston hududidagi serverlarda saqlash talabi bekor qilindi.

Endilikda ushbu talab biometrik va genetik ma’lumotlar, shuningdek, telekommunikatsiya operatorlari abonentlarining ma’lumotlariga nisbatan saqlanib qolgan. Qolgan shaxsiy ma’lumotlarni esa belgilangan shartlarga rioya qilgan holda xorijda qayta ishlash mumkin.

Iyul oyida O‘zbekistonda Apple Pay va Google Pay xalqaro to‘lov xizmatlarini ishga tushirish uchun texnik ishlar olib borilayotgani ma’lum qilingandi. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, sentyabr oyida xizmatlarni ishga tushirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilishi rejalashtirilgan, biroq ular aynan shu oyda ishga tushirilishi ko‘zda tutilmagan.

Keyinchalik Markaziy bankning To‘lov tizimlarini rivojlantirish departamenti rahbari Jamshid Usmonov Apple Pay va Google Pay xizmatlari yaqin oylarda ishga tushishi mumkinligini ma’lum qilgan.

Marjona Mamaniyozova


Maqola muallifi

avatar

.

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing