O‘zbekistonda dron bilan ushlangan rossiyalik sayyoh oqlandi
Jamiyat
−
06 iyun 2022
12441Sud joriy yilning 17 may kuni O‘zbekistonga dron olib kirgani uchun hibsga olingan rossiyalik sayyoh Polina Yermakovani oqladi. U allaqachon uyiga uchib ketgan. Bu haqda TASS Rossiyaning Toshkentdagi elchixonasi matbuot kotibi Dmitriy Danilovga tayanib, xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Rossiya Federatsiyasi fuqarosiga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 244-4-moddasi (uchuvchisiz uchish apparatlarini noqonuniy olib kirish, sotish, sotib olish, saqlash yoki ulardan foydalanish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu moddada uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
“Sud qaroriga ko‘ra, Polina Yermakova oqlangan, biroq u hibsga olingani uchun dron olib qo‘yilgan, rossiyalik ayol esa allaqachon uyiga uchib ketgan”, degan Danilov.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tganidan bir necha kun o‘tib hibsga olingan Yermakova sudgacha ozodlikda bo‘lgan.
Eng qizig‘i, Qirg‘izistonda sayohat qilib, keyin O‘zbekistonga tashrif buyurgan sayyoh mamlakat chegarasida uni tekshiruvdan o‘tkazgan chegarachiga sumkasida dron borligini aytgan, shunga qaramasdan chegarachi unga mamlakatga kirishiga ruxsat bergan.
Eslatib o‘tamiz, shunga o‘xshash voqea rossiyalik bloger Maksim Limar bilan sodir bo‘lgan edi, u Buxorodan Novosibirskka uchayotganida kvadrokopter topilgani sababli qo‘lga olingandi. Oradan biroz vaqt o‘tib, sud qarori bilan u jarimaga tortildi va Rossiyaga uchib ketdi.
O‘zbekistonda 2015 yildan boshlab hukumat qarori bilan mamlakat havo hududida uchuvchisiz uchish apparatlarini olib kirish va ulardan foydalanishga cheklovlar joriy etilgan.
2019 yilda respublika dronlar noqonuniy olib kirilishi va ekspluatatsiyasi uchun javobgarlikni kuchaytirdi.
O‘zbekistonda uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanishga faqat hukumat ruxsati bilan yo‘l qo‘yiladi, bu ruxsatnoma yuridik shaxsga idoraviy vazifalarni bajarish uchun berilishi mumkin. Respublika qonunchiligiga binoan uchuvchisiz apparatlarni olib kirish, saqlash yoki ulardan foydalanish uchun 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.
LiveBarchasi