O‘zbekistonda davlat tashkilotlari hamma ma’lumotlarni ham ochiqlamayotgani aniqlandi
Jamiyat
−
14 noyabr 2023
5809Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan o‘tkazilgan davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlikka oid qonunchilik hujjatlarida belgilangan majburiyatlarga rioya etilishi holati bo‘yicha monitoringda ma’lumotlarning yarmi ochiqlanayotgani aniqlangan. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Monitoringda 93 ta vazirlik, idora va mahalliy davlat hokimiyati organlarining 2023 yil 3 choragidagi faoliyati mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6247-son farmonida belgilangan ijtimoiy ahamiyatga molik 35 ta toifadagi ma’lumotlarni e’lon qilish darajasi o‘rganildi.
Natijalarga ko‘ra, 93 ta vazirlik, idora va hokimliklar tomonidan umumiy 52 % samaradorlik ko‘rsatkichi qayd etilgan. Ya’ni e’lon qilinishi lozim bo‘lgan 1 ming 103 ta ma’lumotlardan 577 tasi chiqarilgan.
Shuningdek, idoralar kesimida ijro samaradorligi vazirliklar faoliyatida 66 %ni, qo‘mitalarda 56 %ni, agentliklarda 54 %ni, hokimliklarda 56 %ni, davlat ulushi mavjud tashkilotlarda 43 %ni, banklarda 32 %ni va markaziy muassasalarda 31 %ni tashkil etgan.
Bildirilishicha, yakunda agentlik 23 ta davlat organlari va tashkilotlariga talablarning buzilishiga yo‘l qo‘ygan mas’ul xodimlarni intizomiy javobgarlikka tortish to‘g‘risida taqdimnoma kiritgan.
Ma’lumot uchun, monitoringda 21 ta vazirlik, 7 ta qo‘mita, 11 ta agentlik, 7 ta markaziy muassasa, 13 ta hokimlik va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, 23 ta davlat ulushi mavjud tashkilot va 10 ta bank tomonidan ma’lumotlarni belgilangan axborot resurslarida e’lon qilinishi tahlil qilindi.
LiveBarchasi