Endi O‘zbekiston ham xorijliklarga sanksiya qo‘llamoqchi
Jamiyat
−
20 Sentabr
26467Endilikda “O‘zbekistonda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ro‘yxati” yuritilishi mumkin. Shuni nazarda tutuvchi “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi bugun, 20 sentyabr kuni Oliy Majlis Senatining ellik yettinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqildi va senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligiga zid bo‘lgan, davlatlararo ijtimoiy, irqiy, diniy va milliy adovatni keltirib chiqaruvchi, O‘zbekiston xalqi sha’ni, qadr-qimmati va tarixini tahqirlovchi ommaviy chiqishlar hamda harakatlar sodir etgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar tegishli ro‘yxatga kiritiladi.
Ro‘yxatni yuritish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi, Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yuritiladi. Bunday shaxslarni ro‘yxatga kiritish Oliy Majlis palatalarining kengashlari hamda maxsus vakolatli organlarning taqdimiga binoan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston hududida bo‘lishi nomaqbul deb topilgan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga 5 yil davomida O‘zbekistonga kirish, banklarda hisobvaraq ochish, ko‘chmas mulk sotib olish, davlat mulkini xususiylashtirishda ishtirok etish, moliyaviy va shartnomaviy munosabatlarga kirishishi taqiqlanadi (Ular O‘zbekiston hududidagi o‘z mulkini sotishi yoki hadya qilishi mumkin).
Shuningdek, mamlakatda bo‘lishi nomaqbul deb topilgan shaxs shunday mazmundagi Tashqi ishlar vazirligi xabarnomasini olgan kundan e’tiboran 10 kun ichida ixtiyoriy ravishda O‘zbekistondan chiqib ketishi kerak. Agar ushbu muddat ichida ixtiyoriy ravishda chiqib ketmasa, mazkur shaxs ichki ishlar organlari va boshqa vakolatli organlar tomonidan deportatsiya qilinadi, ya’ni majburiy tarzda chiqarib yuboriladi.
Qonunbuzarning ro‘yxatda bo‘lish muddati 5 yil hisoblanadi, agar u ushbu muddatda ro‘yxatga kirish uchun asos bo‘lgan sabablarni bartaraf qilsa, muddatidan ilgari ro‘yxatdan chiqarilishi mumkin.
Ta’kidlanishicha, qonun loyihasi O‘zbekistonning davlat suvereniteti, hududiy yaxlitligi va xavfsizligini mustahkamlashga, mamlakatda davlatlararo, millatlararo, dinlararo ahillik, totuvlikni himoya qilishga hamda O‘zbekiston xalqining sha’ni, qadr-qimmati va tarixi hurmat qilinishini ta’minlashga qaratilgan.
“Ushbu qonunni ishlab chiqishda ko‘plab xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilgan. Xususan, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Polsha, Rossiya, Belarus, Ukraina, Xitoy xalq respublikasi kabi qator xorijiy davlatlarda ularning suverenitetini, mustaqilligini shubha ostiga oluvchi chet el fuqarolarining mamlakat hududiga kirishini cheklovchi qonuniyat va amaliyot keng qo‘llanilayotganini ko‘rishimiz mumkin”, deydi senator Anvar To‘ychiyev.
Senatorlar ma’qullagan hujjat Prezident tomonidan imzolangach kuchga kiradi.
Eslatib o‘tamiz, iyun oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi ishlab chiqilib, qonunchilik tashabbusi huquqi asosida quyi palataga kiritilgandi.
LiveBarchasi