O‘zbekistonda bojxona yig‘imlarining yangi stavkalari belgilandi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda Vazirlar Mahkamasi qarori bilan bojxona yig‘imlarining yangi stavkalari belgilandi. Mazkur yangi stavkalar 2021 yilning 1 yanvaridan kuchga kiradi. Qayd etilishicha, yangi stavkalarni belgilashda Jahon savdo tashkiloti talablari inobatga olingan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Ayni vaqtda amalda bo‘lgan bojxona yig‘imlari stavkalari Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 30 apreldagi “Bojxona yig‘imlari stavkalari to‘g‘risida” 204-son qarori bilan belgilangan bo‘lib, u o‘z ichiga 19 ta bojxona yig‘imlari turlari olgan edi. 

Mazkur bojxona yig‘imlari stavkalarining aksariyati foizda belgilangan bo‘lib, Jahon savdo tashkilotining (JST) Savdo jarayonlarini soddalashtirish to‘g‘risidagi bitim talablariga muvofiq emas.

Jahon savdo tashkilotining Savdo jarayonlarini soddalashtirish to‘g‘risidagi bitim talablariga muvofiqlashtirish maqsadida, Vazirlar Mahkamasining “Bojxona yig‘imlari stavkalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qaror bilan bojxona yig‘imlari stavkalari JST va boshqa xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasini inobatga olgan holda belgilangan. 

Bundan tashqari stavkalarni belgilashda JST va Jahon bojxona tashkilotining asosiy talablaridan biri, ya’ni bojxona yig‘imlari faqatgina bojxona organlari tomonidan amalga oshiriladigan operatsiyalar uchun sarflanadigan xarajatlarni qoplash asosida belgilanishi lozimligi inobatga olingan.

Qaror bilan:

•    bojxona yig‘imlari stavkalari turi 20 tadan 12 taga qisqartirilmoqda (3 turdagi bojxona stavkasi biriktirilmoqda, 11 turdagisi bekor qilinmoqda);

•    barcha bojxona yig‘imi stavkalari bazaviy hisoblash miqdoriga bog‘langan holda qat’iy belgilanmoqda;

•    eksportni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tovarlarni “eksport” bojxona rejimida rasmiylashtirish uchun yig‘im miqdori o‘rtacha 35 foizga pasaytirilmoqda;

(Masalan, eski tartibda 1 mln dollar miqdoridagi tovarning eksport bojxona yig‘imi 10 mln so‘mni (bir ming dollar), yangi stavkalarda yig‘im miqdori 5,6 mln so‘mni (560 dollar) tashkil qilgan holda eksportyor tadbirkorlarga bir yilda 27 milliard so‘m yengillik yaratilishi kutilmoqda.)

•    bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish maqsadida jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun tovarlarni bojxona to‘lovlarisiz olib kirish me’yoridan ortiq qismini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish uchun belgilangan bojxona yig‘imlari stavkalari kamaytirilmoqda;

(Masalan, eski tartib bo‘yicha jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilgan tovarlarning me’yordan oshgan qismiga 0,2 foiz (ammo 25 dollardan kam bo‘lmagan) miqdorida bojxona yig‘imi undirilgan.

Xususan, jismoniy shaxslar tomonidan temir yo‘l orqali shaxsiy ehtiyoji uchun 1 200 AQSH dollari miqdoridagi tovar olib kirilganda, uning bojxona to‘lovlariga tortiladigan 200 dollar qismi uchun 25 dollar (12,5 foiz), yangi tartib bo‘yicha esa 5,5 dollar (BHMning 25 foizi) miqdorida yig‘im undiriladi.)

•    bojxona nazorati ostida tashilayotgan tovarlarni yetkazib berish muddatiga rioya qilmaslik uchun ma’muriy javobgarlik o‘rniga moliyaviy chora sifatida bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida bojxona yig‘imi joriy etilmoqda.

Davlat bojxona qo‘mitasiga ko‘ra, mazkur qarorni amaliyotda qo‘llash bojxona ma’murchiligini soddalashtirish va shaffofligini yanada oshirish, chegara o‘tkazish punktlarida tezroq harakatlanish imkonini yaratish, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari, ayniqsa, eksportyorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.


Maqola muallifi

Teglar

Bojxona stavkalari

Baholaganlar

302

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar