O‘zbekistonda “Bola himoyasi” tizimi ishga tushiriladi

Jamiyat

image

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Bola himoyasi” yagona elektron dasturiy monitoring tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi joylashtirildi.

Loyiha ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquq va erkinliklarini, qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda bolalarga g‘amxo‘rlik qilishga mutasaddi bo‘lgan tuzilmalarning mas’uliyatini yanada oshirish, ushbu yo‘nalishda idoralararo tezkor axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, vasiylik va homiylik organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan.

Ta’kidlanishicha, ayni paytda nazoratsiz va qarovsiz qolgan bolalar hisobini yuritish yagona bazasini mavjud emasligi bu sohada tizimli tahlil qilish imkonini bermayapti.

Tahlillar ijtimoiy himoyaga muhtoj chin yetimlar, ota-onasi chet elga ketgan, ajrashgan hamda notinch oilalar farzandlari ba’zan nazoratsiz va qarovsiz qolayotganligini ko‘rsatmoqda. Oqibatda bunday bolalar jinoyat ko‘chasiga kirib qolishi, ayrim hollarda esa balog‘atga yetmagan yoshlar o‘rtasida erta tug‘ruq, o‘z joniga suiqasd qilish kabi salbiy holatlarning paydo bo‘lishiga olib kelmoqda.

Shu bois, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash, ilg‘or xorijiy tajriba asosida mavjud tartibni qayta ko‘rib chiqish dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolyapti.

Bosh prokuratura tashabbusi bilan shu kabi yana ko‘plab muammolarni bartaraf etishga qaratilgan “Bola himoyasi” elektron dasturiy ta’minot tizimi ishlab chiqilib, tajriba tariqasida Buxoro viloyatida muvaffaqiyatli ishga tushirilgan. 

Bu tizim ota-ona qaramog‘isiz qolgan har bir bola to‘g‘risidagi barcha zarur ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. U orqali har bir bolaning ahvoli, nima bilan mashg‘ulligi, uning huquqi, erkinligi va manfaatini kim qay tarzda ta’minlayotganini bevosita kuzatish mumkin.

Mazkur tizim sinov tariqasida ishlagan ikki oy mobaynida viloyatdan chet elga chiqib ketgan ota-onalarning 493 nafar bolalari tizimga kiritilib, ularning 386 nafariga vasiy, 107 nafariga homiy tayinlangan.

Tizimda nazoratsiz va qarovsiz qolgan bolalarga doir ma’lumotlarning sektorlar kesimida tahlil qilinishi imkoniyati yaratilganligi sababli 1 086 nafar bolalarga o‘quv qurollari, oziq-ovqat mahsulotlari hamda shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar  berilishi hamda 536 nafari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi ta’minlandi, 43 nafari ta’limga jalb qilinib, huquqlari tiklandi.

Vazirlar Mahkamasining “Bola himoyasi” yagona elektron dasturiy monitoring tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi mazkur tizimni mamlakat miqyosida joriy etish maqsadida ishlab chiqilgan.

Mazkur qarorning qabul qilinishi va elektron dasturiy tizimni to‘laqonli ishga tushirilishi natijasida:

•    hujjatlar aylanishining qog‘oz shaklidan voz kechilib, ularni elektron tayyorlash, yuklash va tezkor aylanish (onlayn) imkoniyati paydo bo‘ladi, ya’ni vasiy va homiy tayinlash jarayoni avtomatlashtiriladi;

•    ortiqcha sansalorlik hamda suiiste’molchiliklar oldi olinadi;

•    yagona ma’lumotlar bazasi shakllanib statistik ko‘rsatkichlar haqqoniyligi ta’minlanadi;

•    bolaning ta’lim-tarbiyasi va sog‘lig‘i, to‘garakka jalb qilinganligi hamda ota-onasining bandligi haqidagi ma’lumotlar real vaqt rejimida kuzatib boriladi;

•    bolalar nazoratsiz va qarovsizligini sektorlar kesimida tahlil va nazorat qilish imkoniyati yaratiladi.

Qayd etilishicha, qaror loyihasining qabul qilinishi Davlat byudjetidan qo‘shimcha moliyaviy xarajatlar sarflanishiga olib kelmaydi.


Maqola muallifi

Teglar

bola

Baholaganlar

19

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing