O‘zbekistonda benzin narxi oshishi tasdiqlandi. Qanchaga oshadi?

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekistonda benzin narxi oshishi kutilayotgani haqida xabar bergan edik. “O‘zbekneftgaz” ushbu ma’lumotni tasdiqladi. 

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 12 dekabrdagi “Kuz-qish mavsumida iste’molchilarni avtobenzin mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash va ularning narxlari keskin oshishining oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-440-sonli qaroriga asosan, 2022 yil 10 dekabrdan 2023 yil 1 martga qadar import qilinadigan, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan va tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan yakuniy iste’molchilarga sotiladigan AI-80 rusumli avtobenzin mahsuloti uchun aksiz solig‘i “nol” stavkada qo‘llanishi belgilangan edi.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2022 yil 15 dekabrda tasdiqlangan “Kuz-qish mavsumida iste’molchilarni AI-80 rusumli avtobenzin bilan uzluksiz ta’minlash va ularning narxlari keskin oshishining oldini olish” chora-tadbirlarida 2022 yil 9 dekabrdan 2023 yil 1 martga qadar “O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJning alohida birja seksiyasi orqali AI-80 rusumli avtobenzin mahsulotini sotish narxining o‘sishi birja savdosiga chiqarish narxiga nisbatan ko‘pi bilan 5 foizgacha miqdorda belgilangan.

Natijada, 2022 yil 1-12 dekabr kunlari 1 tonna AI-80 rusumli avtobenzin uchun o‘rtacha birja narxi 8 096 ming so‘mni tashkil qilgan bo‘lsa, 13 dekabrdan boshlab 6 295 ming so‘mni tashkil qilgan yoki 1 801 ming so‘mga arzonlashdi.

O‘z o‘rnida AYOQSHlarda 1 litr AI-80 rusumli avtobenzinning narxi o‘rtacha 6 800 - 7 500 so‘mdan 5 700 – 6 000 so‘mgacha, yoki o‘rtacha 1 100 so‘mga arzonlashdi.

“Aksiz solig‘i “nol” stavkada qo‘llanishi va birja savdolarida “spred” joriy etilishi davrida (2022 yil 12 dekabr – 2023 yil 22 fevral) respublika iste’molchilariga 386 ming tonna (o‘rtacha kunlik 5 300 tonna), yoki o‘tgan yillarning mos davriga nisbatan 188,6 ming tonnaga ko‘p AI-80 rusumli avtobenzin yetkazib berildi.

2023 yil 1 martda yuqoridagi tartiblarning amal qilish muddati (imtiyozli davr) yakunlangandan keyin aksiz solig‘i hisoblanishi va birjada narxlarning erkin (o‘sish darajasi cheklanmasdan) shakllanishi hisobiga AI-80 rusumli avtobenzin narxi oshishi kutilmoqda”, deyiladi “O‘zbekneftgaz” xabarida. 

Ma’lum qilinishicha, 1 martdan boshlab birja savdolariga joylashtiriladigan 1 tonna mahalliy AI-80 rusumli avtobenzin boshlang‘ich narxi 6 863 000 so‘mdan, import avtobenzini narxi 8 036 000 so‘mdan shakllanib, birja savdolari yakuni bilan narxlar o‘rtacha 8 150 000 so‘mni (1 litr uchun 6 100 so‘m) tashkil etishi kutilmoqda.

Bunda, narxlar o‘zgarishi hisobiga “O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi AYOQSHlarda 1 litr AI-80 rusumli avtobenzinning chakana narxi mahalliy mahsulot uchun 6 800 so‘mdan, import mahsuloti uchun 7 000 so‘mdan shakllanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made