O‘zbekistonda bemorning tana harorati 16 darajagacha sovitilib, 12 soatlik operatsiya o‘tkazildi
Salomatlik
−
06 mart 2022
21208O‘zbekistonda 66 yoshli bemorning tanasi +16 darajagacha sovitilib, 12 soatlik murakkab operatsiya o‘tkazildi. Ayni paytda bemor palataga olingan, ahvoli yaxshi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘rtachirchiqlik To‘xtasin Dehqonov uzoq yillar arterial gipertoniya kasalligi, ya’ni yuqori qon bosimidan jiddiy aziyat chekib kelgan. Biroq shifokorlarga o‘z vaqtida murojaat qilmagani va kerakli muolajalarni olmagani sababli xastalik og‘ir asoratlarni keltirib chiqargan.
Xususan, shu yil yanvarda MSKT tekshiruvidan so‘ng uning yurak–qon tomir tizimida jiddiy muammo borligi, aorta qon tomirining yuqori qismi esa katta hajmda shishgani ma’lum bo‘lan. Avvaliga bemor viloyatdagi hududiy shifoxonalarda infarkt tashxisi bilan davolanib yurgan, ammo o‘zgarish bo‘lmagan. Oqibatda ikki hafta oldin poytaxtdagi shifoxonalardan biriga o‘ta og‘ir ahvolda olib kelingan.
Shundan so‘ng Rossiyaning Bakulev nomidagi yurak-qon tomir jarrohligi markazida tajriba orttirib qaytgan mohir kardiojarroh, tibbiyot fanlari doktori, professor Rustam Yarbekov boshchiligidagi shifokorlar bemorni zudlik bilan tekshiruvdan o‘tkazgan.
Tomografiya tekshiruvida aortaning ko‘tariluvchi qismi yorilib, qavatlarga bo‘linib, aortaning tushuvchi ko‘krak qismining o‘rtasigacha tromb hosil bo‘lgani aniqlangan. Qolaversa, bu yorilish miya tomirlari, uyqu, qo‘l va o‘mrov osti arteriyalariga tarqalganligi hamda aortaning ravog‘i va pastga tushuvchi qismigacha o‘tganligi kuzatilgan.
Tashxis xulosalaridan so‘ng vaziyat jiddiy ekani ma’lum bo‘lib, bemor darhol operatsiya stoliga yotqizilgan. 12 soat davom etgan murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli yakunlanib, otaxon og‘ir darddan butkul xalos bo‘lgan. Ayni paytda bemor palataga olingan, ahvoli yaxshi.
“Operatsiyaning og‘ir o‘tishini avvaldan bilardik. Sababi ham aortaning ko‘tariluvchi va tushuvchi qismi, ham ravog‘i hamda miya tomirlarini sun’iy protezlash uchun uzoq vaqt talab etiladi. Qolaversa, mazkur amaliyotning noyobligi bemor tanasi 16 darajagacha sovutilib, tanadagi qon aylanishi 112 daqiqaga to‘xtatib qo‘yildi. Faqat braxiotsefal va uyqu arteriyasi orqaligina miya qon bilan ta’minlab turildi”, deydi Rustam Yarbekov.
Aytish lozimki, bu kabi operatsiyalarni o‘tkazish uchun anesteziolog, reanimatolog, perfuziolog kabi malakali tibbiyot xodimlari bilan bir qatorda so‘nggi avlod sun’iy qon aylanish uskunasi, gipoterm va miyada qon aylanishi va oksigenatsiyani ko‘rsatuvchi zamonaviy tibbiy jihozlar talab qilinadi.
Shu sababli ham avvallari bunday amaliyotlar faqat xorijda o‘tkazilgan. Quvonarlisi, kardioxirurgiya sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor natijasida bugun O‘zbekistonda ham ana shunday noyob operatsiyalarni bajarish imkoni yaratildi.
“Shu yil yanvar oyida koronavirusga chalindim. Buning ustiga, tez-tez qon bosimim ko‘tariladigan, yuragim og‘riydigan, tez charchaydigan bo‘lib qoldim. Ayniqsa, oxirgi vaqtlarda juda ham ozib ketdim. Tekshiruvga borganimda yuragimda jiddiy xastalik aniqlandi. O‘sha paytda yurtimizdagi juda ko‘p shifoxonalarga bordik. Biroq ko‘pchilik “bu operatsiya murakkab bo‘lgani uchun faqat Germaniya, Hindistonda katta mablag‘ evaziga qilinadi” deyishdi. Keyin bilsak, yurtimizda ham bunday amaliyotni o‘tkazish uchun sharoit va malakali shifokorlar bor ekan. Hozir ahvolim ancha yaxshi. Shifokorlarning aytishicha, tez kunda yana sog‘lom hayotga qaytarkanman. Buning uchun ularga katta rahmat”, deydi bemor To‘xtasin Dehqonov.
LiveBarchasi