Avgust oyida qanday ob-havo bo‘ladi?
Bu qiziq
−
30 iyul
30555Avgust oyida ob-havo harorati asta-sekin pasayishni boshlaydi. Bu haqda O‘zgidrometning avgust oyi uchun ob-havo prognozlari e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, respublika hududi bo‘yicha avgust oyining o‘rtacha oylik harorati iyul oyiga nisbatan 1,5-2,5 darajaga past bo‘ladi. Navbatdagi haroratning mutlaq maksimumi ham iyulning maksimumidan past bo‘ladi.
Shunday qilib, Toshkentda meteorologik kuzatuvlarning barcha yillari uchun eng yuqori havo harorati iyul oyida 44,6 darajani (bunday harorat 1997 yilda qayd etilgan), avgust oyida esa 43,1 darajani (1944 yil) tashkil etadi.
Keltirilishicha, so‘nggi 10 yil ichida avgust oyida 41,8 daraja bo‘lgan eng yuqori harorat 2019 yilda kuzatilgan. Respublikaning eng chekka janubi – Termiz shahrida eng yuqori harorat iyul oyida 48,6 darajani (1914 yil) tashkil qilgan bo‘lsa, avgust oyida 46,3 daraja (1947 yil) bo‘ladi. Avgust iqlim xususiyatlari jihatidan iyul kabi issiq bo‘lmasa-da, bu hali ham juda issiq oy deb hisoblanadi.
Unga ko‘ra, hududning katta qismida avgust oyida asosan kunduzgi harorat 33-38 darajani, janubda va cho‘l hududlarda 37-42 darajani tashkil etadi. Issiq ob-havoning eng yuqori cho‘qqilarida ayrim kunlarda havo harorati 40-42 darajaga, janubda va cho‘l hududlarda ba’zi joylarda 43-45 darajaga yetadi. Shunga qaramay, avgust oyining ikkinchi yarmida kuz fasli yaqinlashayotgani seziladi. Salqin havoning kirib kelish soni ko‘payadi. Harorat 40 daraja va undan yuqori bo‘lgan kunlar soni iyul oyiga nisbatan sezilarli darajada kamayadi.
Oyning birinchi besh kunligida kunduz kunlari havo 39-41 daraja, janubda 42-44 darajagacha isiydi. Keyinchalik issiq biroz pasayadi va hududning katta qismida birinchi o‘n kunlikning oxirigacha kunduzi havo harorati 36-39 daraja atrofida, janubda ba’zi joylarda 40-42 darajagacha bo‘ladi. Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarda harorat kechalari 22-25 darajadan 17-20 darajagacha, kunduzi 35-38 darajadan 30-33 darajagacha o‘zgarib turadi. Avgust oyi quruq bo‘lishi kutilmoqda. Oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yor atrofida, ba’zi joylarda me’yordan kam bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Oyning uchinchi o‘n kunligining ayrim kunlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi ehtimoli bor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda qachon anomal issiq bo‘lishi haqida prognozlar ochiqlangandi.