O‘zbekistonda atom elektr stansiyasi qurilishi boshlandi
Jamiyat
−
19 iyun
19743O‘zbekiston tomonidan Qozog‘iston bilan chegaradan 55 km uzoqlikda, Jizzax viloyatidagi Tuzkon ko‘li yaqinida atom elektr stansiyasining qurilishi boshlandi. Bu haqda “Orda.kz” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, qurilajak AES Qozog‘iston bilan chegaradan 55 km uzoqlikda joylashgan bo‘lib, Qozog‘iston Energetika vazirligi undan radioaktiv moddalar sizib chiqmasligiga ishontirdi. “Rosatom” loyihaning bosh tashkilotchisi bo‘lib, unda o‘zbekistonlik kompaniyalar ham ishtirok etadi.
“Qurilish jarayonida Rossiyaning RITM-200N reaktoridan foydalaniladi. Bu dengiz texnologiyasining quruqlikka moslashuvidir. Reaktorning issiqlik quvvati 190 MVt, elektr quvvati esa 55 MVt, xizmat muddati 60 yilgacha. RITM-200 reaktorlari Rossiyaning IESlarida qo‘llaniladi. Ushbu reaktorning xavfsizligi avariyalarning oldini oladigan ko‘p darajali himoya tizimlari bilan ta’minlanadi”, deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Rossiya 2017 yildan buyon AES loyihasini muhokama qilib keladi. 2019 yilda Tuzkon ko‘li yaqinida joy tanlangandi. Yirik atom elektr stansiyasidan tashqari ular umumiy quvvati 330 MVt bo‘lgan kichik modulli reaktorlar qurishni ham rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Energetika vaziri Almasadam Satkaliyev hukumat brifingida O‘zbekistonda qurilishi rejalashtirilayotgan atom elektr stansiyasining formati, platformasi va yagona energiya tizimining ishlashiga qanday ta’sir qilishini aniqlash zarurligi haqida ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi