O‘zbekistonda asossiz sarflangan mablag‘lar aniqlanyapti
Jamiyat
−
21 avgust 2019
4916O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati departamenti va uning hududiy boshqarmalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 5 oktyabrdagi qarori bilan tasdiqlangan “Haq to‘lanadigan jamoat ishlarini tashkil qilish tartibi to‘g‘risida nizom” talablari asosida haq to‘lanadigan jamoat ishlari uchun ajratilgan mablag‘larni maqsadli sarflanishi yuzasidan nazorat ishlari olib borilmoqda.
Joylarda jamoat ishlarini tashkil etishda ayrim Aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasidan ajratilgan mablag‘larni maqsadli sarflanishida qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligi aniqlandi.
Misol uchun, Surxondaryo viloyati Sho‘rchi tumani ABKM tomonidan Jamg‘armadan jamoat ishlari uchun ajratilgan 73 million so‘m miqdoridagi mablag‘lar asossiz sarflab yuborilgan, jumladan:
“Sho‘rchi uy-joy mulkdorlari” shirkati raisi Nizom talablariga zid ravishda 30 nafar fuqaroning pasport nusxalarini olib, ular bilan mehnat shartnomasi tuzmasdan jamoat ishlariga jalb qilinganligi va 2018 yilning aprel-iyun oylarida jamoat ishlarida ishlaganliklari to‘g‘risida soxta hujjatlarni rasmiylashtirgan. Sho‘rchi tuman ABKMga taqdim etilgan ushbu soxta hujjatlar va buyurtmanomaga asosan shirkatning hisobraqamiga o‘tkazilgan 38,7 million so‘m Jamg‘arma mablag‘lari bank tomonidan shirkatning bankdan olgan kreditini qoplashga yo‘naltirilgan. Shirkat tomonidan taqdim etilgan ish haqi hisoblash tabellarida nomlari qayd etilgan 30 nafar fuqarolar uy-joy shirkatida umuman ishlamaganini va oylik ish haqlari olmaganini ma’lum qilgan.
Bundan tashqari, ushbu shirkat raisi “House building” MCHJ rahbari bilan kelishgan holda Nizom talablariga zid ravishda yuqorida qayd qilingan 30 nafar fuqarolar ular bilan mehnat shartnomasi tuzmasdan ularni 2018 yil avgust-sentyabr oylarida jamoat ishlariga jalb qilinganligi haqida yana soxta hujjatlar rasmiylashtirgan.
Ushbu rasmiylashtirilgan soxta hujjatlarga asosan ABKM tomonidan 27,6 million so‘m miqdoridagi Jamg‘arma mablag‘i “ House building” MCHJga o‘tkazib berilgan.
“House building” MCHJ tomonidan ushbu o‘tkazilgan mablag‘dan shirkat raisining plastik kartasiga 8,7 million so‘m va shirkat hisobchisining plastik kartasiga 16,4 million so‘m o‘tkazib berilgan.
LiveBarchasi