O‘zbekistonda aholi punktlarining 99 foizi mobil aloqa bilan qamrab olingani aytildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda aholi punktlarining 99 foizi mobil aloqa bilan qamrab olingan. Bu haqda bugun, 21 oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tayotgan sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Bildirilishicha, Prezident dunyoda sun’iy intellektga talab ortib borayotgan hozirgi davrda raqobatdosh bo‘lish uchun 3 ta eng asosiy masala – infratuzilma, ochiq ma’lumotlar va kadrlar tayyorlashga e’tiborni kuchaytirish zarurligini qayd etgan.

Sakkiz yilda 300 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalari qurilgan, aholi punktlarining 99 foizi mobil aloqa bilan qamrab olingan. Katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlash va saqlash uchun 7 ta data-markaz ishga tushirilgan.

Keyingi yil sog‘liqni saqlash, energetika, bank-moliya, bojxona-soliq, transport, tog‘-kon va qishloq xo‘jaligi sohalarida sun’iy intellekt bo‘yicha 100 ta loyiha rejalashtirilgan.

Bularni amalga oshirish uchun shunga mos quvvatlar, zamonaviy super-kompyuterlar kerak. Lekin hozirgi mavjud quvvatlar faqat kichik loyihalarni ishga tushirish uchun yetadi. Oqibatda tadbirkorlar o‘z loyihasi uchun chet eldagi infratuzilmadan foydalanib, bunga millionlab dollar sarflayapti.

Shu bois, joriy yil 16 ta super-kompyuter sotib olish uchun 50 million dollar ajratilgan. Keyingi yil bu mablag‘ 2 karra oshirilishi e’lon qilindi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur yig‘ilishda O‘zbekistonda sun’iy intellektga asoslangan xizmatlar hajmi 10 mlrd dollarga baholangani va endilikda vazirlar hamda tarmoq rahbarlarining raqamlashtirishga mas’ul o‘rinbosarlari bir vaqtning o‘zida sohada sun’iy intellektni rivojlantirishga ham javobgar bo‘lishi belgilangangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

sun'iy intellekt mobil aloqa aholi punktlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing