O‘zbekistonda 9 ta hujjatni birlashtirgan raqamli pasport joriy qilinishi mumkin

Jamiyat

image

O‘zbekistonda “Fuqarolarning raqamli pasporti” paydo bo‘lishi mumkin. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “Fuqarolarning raqamli pasporti” loyihasini joriy qilish hisobiga aholidan muayyan faktlarni tasdiqlovchi hujjatlarni talab qilish amaliyotini bekor qilishni tashkil etish to‘g‘risida”gi qaror loyihasida keltirilgan. 

Loyihaga ko‘ra, Toshkent shahrida tajriba tariqasida 2022 yil 15 iyuldan 2023 yil 1 dekabrga qadar ayrim turdagi ma’lumot va hujjatlarni elektron ko‘rinishda taqdim etish imkoniyatini beruvchi “Fuqaroning raqamli mobil pasporti” loyihasi joriy qilinadi.

Bunda davlat organlari va tashkilotlari, xo‘jalik birlashmalari hamda mahalliy ijro hokimiyati organlari, tijorat yoki notijorat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslar (keyingi o‘rinlarda – davlat organlari va tashkilotlari) tomonidan tajriba o‘tkazish davrida aholi va tadbirkorlik sub’ektlaridan talab etiladigan alohida turdagi ma’lumot va hujjatlar mobil ilova orqali elektron ko‘rinishda taqdim etilgan taqdirda ular qog‘oz hujjatga tenglashtiriladi va u bilan bir xil yuridik kuchga ega bo‘ladi. 

Mobil ilovadan foydalanishda mobil trafik uchun to‘lov undirilmaydi.

Ilova quyidagi hujjatlarni o‘z ichiga oladi:
•  Pasport;
•  Haydovchilik guvohnomasi;
•  Avtotransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazganlik to‘g‘risida guvohnoma;
•  Oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom va talaba to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
•  Jismoniy shaxs tomonidan umumiy ta’lim muassasasini (11-sinf negizida) tamomlaganligi to‘g‘risida ma’lumot;
•  Koronavirusga qarshi emlanganlik holati to‘g‘risidagi ma’lumot;
•  Kadastr pasporti haqida ma’lumot;
•  Tug‘ilganlik va nikoh qayd etilganlik haqidagi dalolatnoma ma’lumotlari.

Raqamli pasportni boshqa hududlar va butun O‘zbekiston bo‘ylab joriy etish bo‘yicha takliflar 2023 yilning 15 dekabriga qadar tajriba natijalariga ko‘ra kiritiladi.

Loyiha muhokamasi 8 iyunga qadar davom etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1060

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing