O‘zbekistonda 9 oyda tabiiy gaz qazib olish 19,6 foizga kamaygan

Jamiyat

image

Bugun, 18 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Davlat byudjetining 2020 yil to‘qqiz oyidagi ijrosi ko‘rib chiqildi.

Hisobot tugagach, Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari, O‘zbeksiton Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Maqsuda Vorisova hisobotga ko‘ra, 9 oyda tabiiy gaz qazib olish 19,6 foizga, gaz kandensati ishlab chiqarish 34,7 foizga kamayganiga to‘xtalib o‘tdi.

Deputat tabiiy gaz ishlab chiqarish masalasidagi ba’zi fikrlarini bildirgan holda savol bilan murojaat qildi. 

“Nega tabiiy gaz qazib olish kamaydi degan savolga “dunyo miqyosida tabiiy gazga bo‘lgan talabning kamayishi”, deya javob oldik. Ichki bozorda aholining talabi kundan-kunga oshib borayotgan bo‘lsa, bu holatni ularga qanday qilib tushuntiramiz? Shu o‘rinda, kichik tadbirkorlardan ham byudjetga tushum tushadi. Ularni esa qish oldidan gaz tarmog‘idan uzishga majbur bo‘layapmiz. Yana bir savol, hisobotda elektr energiyasini texnologik sarfi va uzatishdagi yo‘qotishlari 9 mlrd kVt soat, bu jami ishlab chiqarilgan energiyaning 18,8 foizini tashkil qilar ekan. Bu holatni qanday izohlaymiz? Biz saylovchilarga nima deb javob beramiz”, degan Maqsuda Vorisova.

Bu savolga Energetika vazirining o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev javob berdi.

“O‘zbekistonda tabiiy gaz qazib chiqarish faqat “O‘zbekneftegaz” tomonidan emas, balki boshqa qo‘shma korxonalar tomonidan ham amalga oshiriladi. Ma’lum bir davr ichida ushbu korxonalar eksportni to‘xtatganligi sabab gaz qazib chiqarish miqdori kamaygan. Shuningdek, ichki bozorga tabiiy gaz yetkazib berishga asosiy mas’ul bo‘lgan “O‘zbekneftegaz” xolding kompaniyasida bu jarayonni yaxshilash bo‘yicha bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda talab darajasidagi ko‘rsatkichlarga erishdik deb aytolmayman. Lekin joriy yilda o‘tgan yilga nisbatan tabiiy gaz ishlab chiqarish pasayishi to‘xtatildi va ishonamizki, bu harakatlar keying yili o‘z samarasini beradi”, degan Sherzod Xo‘jayev. 

Sherzod Xodjayev elektr energiyasini ishlab chiqarishda ishlab chiqarilgan energiyaning 18,8 foizi texnologik sarf va uzatishdagi yo‘qotishlar bo‘lganini sohaning ichki iste’moli deb baholadi.

“Men bu ko‘rsatkichni boshqacharoq baholagan bo‘lar edim. Bu sohaning ichki iste’moli. Chunki, bunda nafaqat tarmoqlardagi yo‘qotishlar, balki, elektr energiyani ishlab chiqarishda bir qismi stansiyalarning o‘zida sarflanishi bilan izohlanadi. Hech bir davlatda bu ko‘rsatkich 10−11 foizdan pastga tushmagan, 2025 yilga qadar 18,8 foizdan 15 foizgacha kamaytirish, 2030 yilgacha 12,5 foizgacha tushirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan”, dedi Xo‘jayev energiya uzatishdagi yo‘qotishlarga to‘xtalib.

Vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, bu yil suv tanqisligi natijasida GESlarda ko‘zlangan miqdorda elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati bo‘lmagan. Yillik prognoz ko‘rsatkichlari 76 foizga bajarilishi kutilmoqda. Buning o‘rnini qoplash uchun elektr energiyasini IESlarda ishlab chiqarishga to‘g‘ri kelingan.

Dinara Yusupova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

21

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing