O‘zbekistonda 48 kishi yong‘in qurboni bo‘ldi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda joriy yilning o‘tgan 5 oyi mobaynida 48 kishi yong‘inlarda qurbon bo‘ldi, 82 kishi tan jarohatlari oldi. Bu haqda bugun, 14 iyun kuni AOKAda o‘tgan brifingda Favqulodda vaziyatlar vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i O‘lmas Muzaffarov ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha, o‘tgan 5 oy davrida respublikada yuz bergan yong‘inlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 567 taga (2021 yil 5 oyda 4016 ta, 2022 yil 5 oyda 3449 ta), tan jarohati olganlar soni 26 taga (2021 yil 5 oyda 108 ta, 2022 yil 5 oyda 82 ta), halok bo‘lganlar 8 ta (2021 yil 5 oyda 54 ta, 2022 yil 5 oyda 48 ta)ga kamaygan.

Biroq, kunlarning keskin isib ketishi evaziga yong‘in xavfsizligi talablariga rioya qilinmaslik oqibatida yuz berayotgan yong‘inlar tashvishli hisoblanmoqda. May oyi va iyun oyining birinchi o‘n kunligida yong‘inlar bilan bog‘liq vaziyat faollashgani kuzatilmoqda. Ushbu davrda sodir bo‘lgan yong‘inlar 981 tani tashkil etib, 106 tasi qurigan o‘simliklarning yonishi, 665 tasi aholi turar joylari va 210 tasi boshqa ob’ektlarga to‘g‘ri kelmoqda.  

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, aksariyat hollarda aholi yashash joylaridagi yong‘inlar maishiy konditsioner va muzlatkichlardan hamda tozalanmagan quruq o‘tlarning yonishidan kelib chiqayotgani ma’lum bo‘lgan.

Bunday jazirama paytlarda inson uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida, havoni salqinlatuvchi turli elektr qurilmalardan, ayniqsa, konditsionerlardan foydalanishi darajasi ortishi tabiiy. Biroq, konditsionerdan uzoq muddat qarovsiz foydalanish, elektr ta’minoti qoidalariga rioya etmaslik, bitta elektr iste’molchi uchun mo‘ljallangan elektr toki manbalariga katta quvvatga ega bir-nechta iste’molchilarning ulanishi, elektr kabellarning qizishi va oqibatida manfiy va musbat simlarning qisqa tutashuviga olib kelib, yong‘in chiqishiga sabab bo‘lmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

91

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing