O‘zbekistonda 4000 dan ortiq ko‘prik ta’mirtalab ahvolda ekani ma’lum qilindi
Jamiyat
−
18 noyabr 2022
7482Bugungi kunda O‘zbekistonda jami 14 mingdan ortiq ko‘prik mavjud bo‘lib, ularning 68 foizi, ya’ni 9 900 tasi o‘tgan asrda, 1960–1970 yillarda qurilgan. Shu sababli bugun 4000 dan ortiq ko‘priklar ta’mirtalab ahvolda.
Bu haqda ayni paytda bo‘lib o‘tayotgan Oliy Majlisning 35-yalpi majlisida O‘zbekiston avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Shuhrat Nazarov ma’lum qildi.
“Biz bu ko‘priklarni qayta qurish va ta’mirlash bo‘yicha 4 yillik dastur ishlab chiqqanmiz. Bunda 1300 ta ko‘prik ta’mirlanadi va qayta quriladi. Joriy yilda ham 131 ta ko‘prikning ta’mirlanishini shu dastur doirasida tashkil etdik”, deydi Shuhrat Nazarov.
Uning qayd etishicha, Respublikamizda mavjud bo‘lgan eng yirik ko‘priklarning 314 tasi tubidan foydali qazilmalar olinadigan daryolarning ustida qurilgan.
“Bugungi kunda ularning 26 tasi ta’mirtalab ahvolda. Buning sababi, ko‘priklar joylashgan daryo tubidan qum-shag‘al aralashmalarini betartib ravishda qazib olinishidir. Natijada ko‘priklarning temir-beton tayanch asoslari zaiflashib qolgan. Shuningdek, bu daryo sathining tushib ketishi bilan ham bog‘liq”, deydi qo‘mita raisi o‘rinbosari.
Nazarovning ta’kidlashicha, mavjud muammolarni hal qilish uchun joriy yilda 5 ta yirik ko‘prikning ostidagi daryo suv sathini me’yorlashtirish uchun to‘g‘onlar qurilgan. Lekin u qum-shag‘al aralashmalarini betartib ravishda qazib olganlarga qanday choralar ko‘rilganiga to‘xtalmadi. Biroq atigi 5 ta ko‘prikning muammosini hal qilish uchun ozmuncha mablag‘ ajratilmagan.
“Me’yorlashtiruvchi to‘g‘onlar uchun byudjetdan jami 3,5 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan”, deydi Shuhrat Nazarov.
LiveBarchasi