O‘zbekistonda 30-yillardagi sovuq rekordi takrorlanadimi?
Bu qiziq
−
09 dekabr 2022
49849Dekabr oyining boshidan O‘zbekiston bo‘yicha juda sovuq ob-havo kuzatilmoqda, bunday havo hafta davomida saqlanib turadi. Bu haqda Gidrometeorologiya xizmati markazi xabar berdi.
Qayd etilishicha, harorat anomaliyasi Shimoliy Yevroosiyoning deyarli barcha hududlarini egallagan juda kuchli antitsiklon bilan bog‘liqdir. Birinchi o‘n kunlik o‘rtasiga kelib, respublikaning markaziy hududlari bo‘yicha havo harorati kechalari 5-7 sovuqgacha, ba’zi joylarda 10 daraja sovuqgacha, kunduz kunlari 3-5 sovuqgacha pasaygan.
“Dekabr oyida juda sovuq ob-havo davrlari bizning hududimizda avval ham kuzatilgan. Bunday qiymatlargacha haroratning pasayishi bilan sovuqning qisqa muddatli to‘lqinlari deyarli har yili qayd etiladi. 2-3 yil ichida taxminan 1 marta sezilarli darajadagi sovuqlar ham kuzatilgan. So‘nggi 25 yil ichida dekabr oyida haroratning 10-15 sovuqgacha pasayishi, ba’zi joylarda esa, undan ham past bo‘lishi O‘zbekistonning Markaziy hududlarida 2002, 2003, 2006, 2007, 2010, 2012, 2014 yillarda qayd etilgan.
Bundan oldingi yillarda yanada ham kuchli sovuqlar kuzatilgan. Shunday qilib, Toshkentda 1920 yilning dekabr oyi boshida termometr ustuni 20 sovuqgacha tushgan. Toshkentda dekabr oyining mutlaq minimal harorati 29 sovuqni tashkil etadi, haroratning bunday qiymati 1930 yil 20 dekabr kuni kuzatilgan.
Eng qattiq sovuqlar, odatdagidek, respublikaning shimoliy hududlarida kuzatildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida harorat kechalari 15-20 sovuqgacha, ayrim shimoliy hududlarda esa 22-24 sovuqgacha pasaydi. Bunday harorat dekabr uchun yangi rekordlarni o‘rnatmadi. Respublika shimolida eng sovuq yillarning dekabr oyida minimal harorat 27-30 sovuqgacha pasaygan. Ayrim kechalarda harorat ba’zi joylarda ushbu sana uchun eng past qiymatlargacha pasaydi, ammo bu harorat rekordi emas”, deyiladi O‘zgidromet xabarida.
Ma’lum qilinishicha, sovuq ob-havo keyingi haftaning boshigacha saqlanib turadi.
9-12 dekabr kunlari respublika hududining katta qismida havo harorati kechalari 5-10 sovuq, kunduz kunlari 0-5 sovuq, shimolda kechalari 17-22 sovuq, 9-10 dekabrda ba’zi joylarda 24 sovuqgacha, kunduz kunlari 4-9 sovuq atrofida bo‘ladi.
Ushbu kunlarda o‘rtacha kecha-kunduzlik havo harorati shu davrning iqlim me’yorlaridan 7-12 darajaga past bo‘ladi. Shunday qilib, me’yor 4 daraja iliq bo‘lganda Toshkentda o‘rtacha kecha-kunduzlik harorat 6-8 daraja sovuqni tashkil etadi.
LiveBarchasi