O‘zbekistonda 24 foiz ota-ona bolasining telefonida nima borligini bilmasligi ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 24 foiz ota-onalar farzandining qo‘l telefonini umuman tekshirmaydi. 59 foizi esa har kuni tekshiradi. Bu haqda Abdulla Avloniy milliy-tadqiqot instituti fuqarolar orasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijasiga tayanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, tadqiqot instituti “Mobil telefon – o‘quvchiga do‘stmi yoki dushman?” mavzusida so‘rovnoma o‘tkazgan. 10 kunlik muddat davomida 95 400 nafardan ortiq foydalanuvchilar so‘rovnoma savollari bilan yaqindan tanishib, ulardan 21 400 nafari ovoz bergan.

So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, 52 foiz respondent “Qo‘ng‘iroqlar, xabarlar, ijtimoiy tarmoq, o‘yin va boshqalar o‘quvchilarning fikru-xayolini darsdan chalg‘itadi” deb hisoblaydi. Juda ko‘pchilik o‘qituvchilar, ota-onalar ushbu fikrni tasdiqlagan. “Telefondan foydalanish madaniyatiga rioya qilinsa, darslarga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi” degan javob varianti eng kam – 16 foiz ovoz olgan.

Farzandingizning mobil telefonini qancha muddatda tekshirib turasiz, degan savolga so‘rovnomada ishtirok etgan ota-onalarning 59 foizi farzandining mobil telefonini har kuni tekshirishini, 24 foizi umuman tekshirmasligini va 17 foizi esa har haftada tekshirib turishini bildirgan.

Dars vaqtida o‘quvchilar telefondan nima uchun foydalanayotgani haqidagi savolga 63 foiz respondent bolalar Internetda (YouTube, Tik tok, Telegram va boshqalar) o‘tiradi deya javob bergan. 24 foiz ishtirokchi “Faqat dars tayyorlash, sinf mashg‘ulotlari uchun ishlatishmoqda” degan variantni belgilagan.

So‘rovnomada ota-onalardan darsdan oldin bolalardan telefonlari olib qo‘yilishi borasidagi fikri so‘ralgan. 84 foiz respondent bu ishni yoqlagan, 13 foizi qo‘shilmasligini va 3 foizi esa farqi yo‘q ekanligini ta’kidlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

49

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing