O‘zbekistonda 2 yil ichida ko‘chmas mulk bozorida eng yuqori o‘sish kuzatildi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda joriy yilning iyul oyida ko‘chmas mulk bozori uchun so‘nggi ikki yildagi eng faol oylardan biri bo‘lib, uy-joy savdosi hajmi iyun oyiga nisbatan 25 foiz, yillik hisobda esa 14,2 foizga oshdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi xabar berdi.

Iyul oyida O‘zbekistonning barcha hududlarida uy-joy bozorida faollik oshgani kuzatildi. Faollikning eng sezilarli o‘sishi Surxondaryo (41 foiz), Sirdaryo (35,3 foiz) va Qashqadaryo (33,7 foiz) viloyatlarida qayd etildi. Toshkent shahrida uy-joy bozori faolligi 24,6 foizga o‘sdi.

Iyul oyida O‘zbekistonda ikkilamchi bozorda uy-joylarning o‘rtacha bozor qiymati o‘sish sur’ati tezlashdi. Iyun oyida o‘rtacha 0,3 foiz o‘sishdan so‘ng, iyul oyida o‘sish 1,7 foizni tashkil etdi. Yillik hisobda esa narxlar 3,3 foizga oshdi.

Hududlar kesimida o‘tgan yilning iyul oyidan buyon uy-joy narxlarida sezilarli o‘sishi Jizzax (15,2 foiz), Surxondaryo (14,1 foiz) va Xorazm (9,6 foiz) viloyatlarida kuzatildi.

Iyul oyida Toshkent shahridagi ko‘chmas mulk bozorida yillik pasayish tendensiyasi saqlangan holda, narxlarda o‘rtacha o‘sish qayd etildi. Oy davomida ikkilamchi uy-joylarning o‘rtacha narxi 0,8 foizga oshdi. Yillik hisobda o‘tgan yilning iyul oyiga nisbatan ikkilamchi uy-joy narxlari 3,2 foizga, birlamchi uy-joylar narxi esa 0,9 foizga pasaygan. Poytaxtda ikkilamchi uy-joylarning eng katta pasayishi Mirzo Ulug‘bek (-8,2 foiz), Yashnobod (-4,5 foiz) va Yunusobod (-4,2 foiz) tumanlarida kuzatildi.

Birlamchi uy-joy narxlarida eng sezilarli pasayishi Uchtepa (-8,8 foiz), Yunusobod (-6,7 foiz) va Shayxontohur (-4,7 foiz) tumanlarida qayd etildi. Iyul oyida Toshkent shahrida ijara narxlarida barqarorlik kuzatildi. Ijara narxi barqaror saqlanib, bir kvadrat metr uchun 8 dollarni tashkil etdi. Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha 10,3 dollar.

Yillik hisobda Toshkent shahrida o‘rtacha ijara narxi 2,8 foizga pasaydi. Eng sezilarli pasayish Uchtepa, Yashnobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarida qayd etildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyun oyi yakuniga ko‘ra, Toshkent shahrida 1 sotix yer maydoni narxi 334 mln so‘mni tashkil etgandi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan 2,5 foizga past. Shuningdek, uy-joy narxlarida ham pasayish kuzatilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

ko'chmas mulk bozori uy-joy savdosi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing