1 yanvardan nimalar o‘zgaradi?

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 2025 yilning 1 yanvaridan e’tiboran qonunchilikda bir qancha o‘zgarishlar amalga oshadi. QALAMPIR.UZ ushbu o‘zgarishlar ro‘yxatini bir yerga jamladi.

Toshkentda avtobus va metroda naqd pul shaklidagi yo‘lkira narxi oshadi

Toshkent shahrida jamoat transportida naqd shaklidagi yo‘l haqi 2000 so‘mdan 3000 so‘mga oshiriladi. Naqdsiz to‘lovda narx o‘zgarmay, 1700 so‘m bo‘lib qoladi. Avtobuslar salonida yo‘l haqini naqd pulda olish amaliyotidan voz kechiladi, bekatlardagi to‘lov qurilmalari orqali bir martalik QR-kodli chipta xarid qilish kerak bo‘ladi.

Chiptadan foydalanish uchun QR-kodli chiptani kerakli masofada validatorga tutish kerak. Chiptaga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lib, uni buklamaslik yoki shikastlamaslik hamda uni tekshirish uchun qatnov oxirigacha saqlash lozim.

Hokimlarga qo‘shimcha vakolatlar beriladi

Tumanlar va shaharlar hokimliklariga davlat boshqaruvi organlari va tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida “doimiy aloqa” tizimini yaratish maqsadida Tadbirkorlar jamoatchilik kengashini tuzish vakolati berildi. Ular ayrim vazirlik va idoralarning bo‘limlari rahbarlarini hududiy boshqarmalar bilan kelishgan holda lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod etish, tegishli mas’ullarga rag‘batlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish choralarini ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

QQS va foyda solig‘i stavkalari oshirilmaydi

Tikuv-trikotaj, poyabzal va charm-attorlik sanoati yo‘nalishlarida ishlab chiqarish faoliyatini yuritayotgan va belgilangan shartlarga javob beradigan tadbirkorlar uchun foyda solig‘i va o‘zlarining xodimlari uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i stavkalari 1 foiz etib belgilandi.

2025 yil 1 apreldan daromadidan qat’i nazar, farmatsevtika mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi yoki tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar QQSni to‘lovchilar deb e’tirof etiladi.

Tadbirkorlarga tashqi moliya bozorlariga chiqishga ko‘maklashish markazi tashkil qilinadi. Markaz tadbirkorlarga xalqaro moliya institutlari, xorijiy moliya tashkilotlari va boshqa kredit tashkilotlaridan davlat kafolatisiz mablag‘lar jalb qilish bo‘yicha konsalting xizmatlar ko‘rsatadi.

2025 yilda aylanma mablag‘larini to‘ldirishga ajratiladigan kreditlar uchun “Savdoni rivojlantirish kompaniyasi” AJga (Kompaniya) 100 million AQSH dollari miqdorida qo‘shimcha mablag‘ ajratiladi. 2025 yil 1 yanvardan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini kalibrovka qilish va maxsus idishlarda qadoqlash loyihalari hamda aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun Kompaniya resurslari hisobidan milliy valyutada revolver kreditlar ajratiladi.

2025 yil 1 yanvardan:

  • bojxona chegarasidan olib chiqiladigan har bir kilogramm paxta ip-kalavasi uchun yig‘im uning eksport narxidan 2 foiz miqdorda, biroq 0,05 AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda o‘rnatiladi;

  • bojxona chegarasidan olib chiqiladigan har bir kilogramm trikotaj mato uchun yig‘im uning eksport narxidan 1 foiz miqdorda o‘rnatiladi.

Uyini termit “yegan” fuqarolarga boshqa uy-joy beriladi

Termit va boshqa hasharotlardan zararlangan uy-joylar yashash uchun yaroqsiz deb topilsa, aholi boshqa uy-joy bilan ta’minlanadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 4 noyabrda kuchga kirgan qarorida ko‘zda tutilgan.

Qaror bilan termit va boshqa hasharotlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash va yashash uchun yaroqsiz deb topish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Ma’muriy reglamentga muvofiq ushbu davlat xizmati 2025 yil 1 yanvardan boshlab tumanlar (shaharlar) hokimliklari tomonidan tuziladigan Termit va boshqa hasharotlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash komissiyasi tomonidan Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali ko‘rsatiladi.

Ariza beruvchilar davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga shaxsan borib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun YAIDXP orqali ro‘yxatdan o‘tadi.

Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markaziga shaxsan kelib murojaat etganda, tegishli so‘rovnoma Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan to‘ldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangandan so‘ng 10 daqiqa mobaynida komissiyaga elektron shaklda yuboriladi. YAIDXP orqali murojaat qilinganda esa so‘rovnoma avtomatik tarzda komissiyaga yuboriladi.

Komissiya 7 ish kuni davomida so‘rovnomani ko‘rib chiqib, uy-joy joylashgan hududga chiqqan holda quyidagilarni aniqlaydi: uy-joyning termitlar va boshqa hasharotlardan zararlanganlik darajasini, texnik holatini, yashash imkoniyati mavjudligini, yaroqsiz holatga kelganligini. O‘rganish natijasida komissiya xulosasi ariza beruvchiga yuboriladi.

Bunda o‘rganish natijasida uy-joyning yaroqsiz holatga kelganligi tasdiqlansa, xabarnoma qo‘shimcha ravishda tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga uy-joyni yashashga mo‘ljallanmagan joylar toifasiga o‘tkazish hamda uy-joy fondidan chiqarish masalasini ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.

Ariza uyga berilgan xulosa kelgusida uni belgilangan tartibda davlat tomonidan uy-joy bilan ta’minlash uchun asos hisoblanadi.

Davlat xizmatini ko‘rsatishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi: 

  • so‘rovnomada noto‘g‘ri yoki xato ma’lumotlar ko‘rsatilganda; 

  • ariza beruvchi tomonidan komissiyaga uy-joyni ko‘zdan kechirish uchun imkon berilmaganda yoki ko‘zdan kechirishga to‘sqinlik qilinganda; 

  • uy-joyning termitlar va boshqa hasharotlardan zararlangan bo‘lishiga qaramay, uning texnik holati yashash imkonini berganda; 

  • uy-joyda termitlar va boshqa hasharotlardan zararlanish holatlari aniqlanmaganda.

Davlat xizmatini boshqa asoslarga ko‘ra rad qilish taqiqlanadi.

Sirk tomoshalarida yovvoyi hayvonlardan foydalanish taqiqlanadi

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan 2025 yil 1 yanvardan davlat va ko‘chma sirklarda (shapito) yovvoyi hayvonlarni saqlash va ulardan sirk tomoshalari uchun foydalanish taqiqlandi.

Hujjat bilan jismoniy shaxslar tomonidan yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash muhitida yoki tutqunlikda saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlar ro‘yxati hamda ushbu ro‘yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni yuridik shaxslar tomonidan saqlash tartibi tasdiqlangan.

Qarorga ko‘ra, 2025 yil 1 yanvardan boshlab quyidagilar taqiqlanadi:

  • jismoniy shaxslar tomonidan ro‘yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitlarda, sun’iy yaratilgan yashash joylarida yoki tutqunlikda saqlash;

  • davlat va ko‘chma sirklarda (shapito) yovvoyi hayvonlarni saqlash va ulardan sirk tomoshalari uchun foydalanish;

  • ro‘yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining ruxsatnomalari asosida belgilangan tartibda yuridik shaxslar tomonidan tashkil etilgan hayvonot bog‘larida va (yoki) pitomniklarda saqlanishi mumkin.

Jismoniy shaxslar, shuningdek, davlat va mobil sirklar (shapitolar) ixtiyoridagi yovvoyi hayvonlar shartnoma asosida hayvonot bog‘lari va pitomniklarga pulli yoki bepul topshirilishi mumkin. O‘zbekiston faunasiga mansub bo‘lganida, ular uchun mos bo‘lgan tabiiy yashash muhitiga, mansub bo‘lmaganda esa O‘zbekiston hududidan tashqariga chiqarib yuboriladi.

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda jismoniy shaxslar va sirklarda saqlanayotgan ro‘yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlarning 2026 yil 1 yanvargacha hayvonot bog‘lari yoki pitomniklarga topshirilishini ta’minlash topshirilgan.

Davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi oshiriladi

2024 yil 22 noyabr kuni Prezidentning “Madaniyat va san’at, axborot-kutubxona va muzeylar sohasida faoliyat olib borayotgan xodimlar ish haqi miqdorlarini oshirish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingandi. Qarorga ko‘ra, davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi quyidagi miqdorlarda oshiriladi:

  • 2025 yil 1 yanvardan boshlab – 20 foizga;

  • 2025 yil 1 iyuldan boshlab – yana 15 foizga oshiriladi.

Hujjatda davlat madaniyat muassasalari va tashkilotlarida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarning ish samaradorligini baholash (KPI) tizimi joriy qilinishi ham belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekistonda milliy vaqt shkalasi joriy etiladi

2025 yil 1 yanvardan boshlab, O‘zbekistonda milliy vaqt shkalasi (UTC UZ) joriy etiladi va undan O‘zbekiston Respublikasining aniq vaqti sifatida foydalaniladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida Vaqt va chastota xizmati faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida keltirib o‘tilgan. Qarorga ko‘ra, vaqt xizmatining faoliyatini samarali tashkil etishga O‘zbekiston milliy metrologiya instituti davlat muassasasi mas’ul hisoblanadi. Metrologiya instituti Muvofiqlashtirilgan universal vaqtni (UTC) shakllantirishda ishtirok etadi va O‘zbekiston milliy vaqt shkalasini (UTC UZ) hosil qilishga vakolatli etib belgilanadi.

Aniq vaqtni Vaqt xizmatidan olish hamda uni manfaatdor davlat organlari va boshqa tashkilotlarga uzatish davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida amalga oshiriladi.

Uy qamog‘idagi shaxslar uchun elektron braslet “ishga tushadi”

O‘zbekistonda 2025 yil 1 yanvardan e’tiboran uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llangan hamda ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxslarning ehtiyot chorasi va jazoni ijro etish joyida bo‘lishini real vaqt rejimida masofadan turib nazorat qilish tartibi amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Elektron braslet uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llanilgan yoki ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxs oyog‘ining boldir qismiga taqiladi. Shaxs oyog‘ining boldir qismiga elektron brasletni taqish imkoniyati mavjud bo‘lmagan hollarda (suyak sinishi, boshqa jarohatlar bilan tibbiy muolaja ko‘rsatilgan va boshqalar) qo‘l qismiga taqilishiga ruxsat etiladi.

Ayollarga elektron braslet ayol xodim (ichki ishlar organi, jamoat xavfsizligi xizmati huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmasi, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektori) tomonidan taqiladi hamda yechib olinadi.

Uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llangan yoki ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan quyidagi shaxslarga elektron braslet qo‘llash mumkin emas:

  • 18 yoshga to‘lmagan shaxslar;

  • homilador ayollar;

  • 3 yoshga to‘lmagan bolalari bor ayollar;

  • birinchi yoki ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar;

  • tibbiy ko‘rsatmaga ko‘ra elektron brasletni taqish tavsiya etilmaydigan shaxslar (implant qilingan kardiostimulyator o‘rnatilgan shaxslar, yuqumli teri kasalligi (allergo kontakt dermatit, teri zamburug‘i yoki qichima kasalligi) bo‘lgan shaxslar).

Ozodlikni cheklash tarzidagi jazoni o‘tash tartibi talablarini bajarmayotgan yoki jazoni o‘tash davrida jamoat tartibini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan probatsiya nazoratidagi shaxsga nisbatan tuman (shahar) ichki ishlar organi probatsiya bo‘linmasi boshlig‘ining qarori asosida elektron braslet taqiladi.

Elektron brasletning elektr quvvati tugagani, uni taqib yurgan shaxs elektron brasletni yechgani yoki elektron brasletning texnik topshirig‘ida belgilangan radius oralig‘idan tashqariga chiqqani haqidagi onlayn xabar kelib tushganda, darhol ijrochi xodimlarni bu haqda xabardor etadi va ushbu xabarni “Elektron braslet” axborot tizimida qayd etadi.

Uy qamog‘i ehtiyot chorasi qo‘llangan yoki ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan shaxs ehtiyot chorasi yoki jazoni ijro etish joyini tark etib, qochgan hollarda tuman (shahar) ichki ishlar organi xodimlari qonunchilikda belgilangan tartibda uni ushlashga qaratilgan choralarni ko‘radi.

Umumiy ovqatlanish korxonalariga QQSning bir qismi keshbek shaklida qaytariladi

Umumiy ovqatlanish korxonalariga QQSning bir qismi keshbek sifatida qaytariladi. Oylik aylanmasini naqd pulsiz amalga oshirganlarga esa QQSning 40 foizi to‘langan zahoti qaytariladi. QQS to‘lashga o‘tgan restoran va kafelarning foyda solig‘i 2 karraga kamayadi.

Kambag‘al oilalar reyestridagi ish bilan band bo‘lgan shaxs uchun ijtimoiy soliq 1 foiz stavkada to‘lanadi

Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,5 baravaridan kam bo‘lmagan oylik ish haqi to‘langan holda ishga joylashgan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oila a’zosi uchun ijtimoiy soliq uch yil davomida 1 foiz stavkada to‘lanadi.

“Xavflarni boshqarish” qo‘mitalari tuziladi

2025 yil 1 yanvardan moliyaviy va boshqa xavflarning oldini olish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirlik va idoralar, ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yirik tashkilotlarda ularning birinchi rahbarlari boshchiligida kollegial asosda “Xavflarni boshqarish” qo‘mitalari tuziladi.

2025 yildan davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari hisobidan hududlarga taqsimlangan mablag‘lar bo‘yicha ma’lumotlar tegishli xalq deputatlari Kengashlariga taqdim etiladi.

Bunda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining hududlarga Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalaridan ajratilayotgan mablag‘lar bo‘yicha so‘rovi va nazorati yo‘lga qo‘yiladi.

Har chorakda Hisob palatasi tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari yakunlari bo‘yicha taqdim etilgan axborotlar Hukumatning majlislarida muhokama qilib boriladi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing