O‘zbekistonda Hayit namozi o‘qilmaydigan bo‘ldi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat beqarorlashib, bemorlar soni kun sayin ortib borayotgani sabab masjidlarda Qurbon hayiti namomozi o‘qilinmaydi. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasining fatvosi e’lon qilindi. 

Idoraning qayd etishicha, koronavirus pandemiyasi uchinchi, ayrim mamlakatlarda to‘rtinchi to‘lqin tarzida namoyon bo‘lmoqda. Bu yilgi yoz chillasi kirib kelishi bilan virusning tarqalishi yana avj oldi.           

Idora bayonotida dinda insonning joni, e’tiqodi, aqli, moli va obro‘sini saqlash muhim asoslardan biri ekani urg‘ulanadi. "Ularga zarar yetadigan holatlarda shariat o‘z talablarini insoniyatga yengillatadi".

Shulardan kelib chiqib, Musulmonlar idorasi fatvo qabul qilgan. Unga ko‘ra:

Qurbon hayiti namozida katta jamoat bir joyda jamlanishini inobatga olib, pandemiya yanada avj olmasligi, vabo oqibatlarini yumshatish maqsadida shu kuni iyd namozi ado etilmaydi, o‘rniga uyda Zuho namozini o‘qish tavsiya etiladi.

Yoshi ulug‘ keksalar va bemorlar holidan xabar olish hamda hayit bilan tabriklash va boshqa milliy urf-odatlar bilan bog‘liq an’analarni aloqa vositalari orqali amalga oshirib turish tavsiya etiladi.

Janoza namozlari vafot etganning yaqin qarindoshlari ishtirokida, xonadonlarda o‘qiladi. Marhumlarning haqlariga qilinadigan duoi fotihalarni qat’iy ravishda yurtdoshlarimiz o‘z xonadonlarida, oila davrasida bajarsinlar, fotihagarchiliklarga borishdan hamda o‘tganlarning qabrlarini ziyorat qilishdan saqlanib tursinlar.

Mo‘min-musulmonlar imkon qadar kasallikning tarqalishini oldini olish maqsadida qurbonlik go‘shti ehsonlarini tarqatishda karantin talablariga qat’iy rioya etsinlar.

Pandemiya vaziyatida oziq-ovqat, dori-darmon va boshqa zarur vositalarning narxini oshirish, bozorlar va do‘konlarda sun’iy ravishda taqchillikni yuzaga keltirish hamda aholi o‘rtasida turli vahimali xabarlarni tarqatish shar’an haromdir.

Vaksina olmaslik, uning tarkibi to‘g‘risida bo‘lmag‘ur gaplarni tarqatish durust emas. Davlatimiz barcha talablarga javob beruvchi vaksinalar vositasida ommaviy ravishda emlash ishlarini amalga oshirayotgan ekan,barcha yurtdoshlarimiz o‘zlarini va oila a’zolarini, shifokorlar bilan kelishgan holda, emlatishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Ehtiyojmandlar, nogironligi borlar, vaqtincha ishsizlarga ehson ko‘rsatishning ayniqsa ushbu kunlar va oylarda savobi ulug‘dir. Xayriya va ehson tadbirlarini “Vaqf” jamg‘armasi orqali yoki bevosita amalga oshirish tavsiya etiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi, uning viloyatlardagi vakilliklari xodimlari va imom-xatiblar ushbu fatvo mazmun-mohiyati bo‘yicha aholining keng qatlamlari orasida batafsil tushuntirish ishlarini amalga oshirsinlar.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

581

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing