O‘zbekistonda har kuni 137 ta oila ajrashmoqda
Jamiyat
−
27 iyul 4306 2 daqiqa
O‘zbekistonda joriy yilning dastlabki olti oyida 24 815 ta oila ajrashdi. Eng ko‘p nikohdan ajralish Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lsa, eng kam ko‘rsatkich Navoiy viloyatida kuzatildi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning dastlabki olti oyida ajrimlar soni 24 815 tani tashkil qilgan. Har ming aholiga nisbatan ajrimlar koeffitsiyenti 1,3 promillega teng bo‘lgan. Ya’ni, mamlakat aholisi hisobida har 1000 nafar kishiga o‘rtacha 1,3 ta nikohdan ajralish holati to‘g‘ri kelgan.
Qayd etilishicha, 2025 yilning shu davrida 23,3 mingta nikohdan ajralish qayd etilgan bo‘lsa, joriy yilning yanvar-iyun oylarida bu ko‘rsatkich qariyb 1,5 mingtaga oshgan.
Ajrimlarning hududlar kesimidagi eng yuqori ko‘rsatkichi Toshkent shahrida qayd etilgan bo‘lib, bu yerda 3222 ta nikoh bekor qilingan. Shuningdek, Farg‘ona viloyatida 2676 ta, Samarqand viloyatida 2608 ta, Andijon viloyatida 2471 ta va Toshkent viloyatida 2334 ta ajrim qayd etilgan.
Hududlar bo‘yicha ajrimlar soni quyidagicha:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 1048 ta;
Andijon viloyati – 2471 ta;
Buxoro viloyati – 1275 ta;
Jizzax viloyati – 1072 ta;
Qashqadaryo viloyati – 1704 ta;
Navoiy viloyati – 673 ta;
Namangan viloyati – 2070 ta;
Samarqand viloyati – 2608 ta;
Surxondaryo viloyati – 1718 ta;
Sirdaryo viloyati – 865 ta;
Toshkent viloyati – 2334 ta;
Farg‘ona viloyati – 2676 ta;
Xorazm viloyati – 1079 ta;
Toshkent shahri – 3222 ta.
Shuningdek, hisobot davrida O‘zbekistonda 92,3 mingta nikoh qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich 2025 yilning mos davriga nisbatan 3 mingtaga kamaygan.
Ajrimlarning asosiy qismi shahar hududlariga to‘g‘ri kelgan. Xususan, jami ajrimlarning 60,1 foizi yoki 14,9 mingtasi shaharlarda, 39,9 foizi yoki 9,9 mingtasi esa qishloq joylarida qayd etilgan.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yilning birinchi yarmida nikohlar soni kamaygan, ajrimlar soni esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan oshgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda nikoh barqarorligi koeffitsiyenti 175,6 promilleni tashkil etgan. Bu har 1000 ta nikohga o‘rtacha 175 ta ajrim to‘g‘ri kelishini anglatadi.
Live
Barchasi