O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish uchun texnik ishlarni tugatdi – Xo‘jayev
Jamiyat
−
18 may 2023
7167O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish bo‘yicha barcha texnik ishlarni yakunladi. Bu haqda Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Boshqaruvchilar kengashining 32-yillik yig‘ilishida Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev ma’lum qildi.
“Qonunchiligimizning tashkilot nizomiga javob berishini ta’minlash bo‘yicha boshqa a’zo davlatlar bilan muzokaralarni amalga oshirdik. Keyingi qadam – Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish. Faqat MDH miqyosida emas, boshqa yo‘nalishlarda ham savdo aloqalarimizni rivojlantirishga urg‘u beryapmiz va dengiz portlariga imkon beruvchi loyihalar ustida ishlayapmiz”, deydi Xo‘jayev “Yangi O‘zbekiston — yangi investitsion istiqbol” mavzusidagi konferensiyada.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki direktori o‘rinbosari, bankning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Alkis Drakinos esa Jamshid Xo‘jayevga JSTga a’zo bo‘lish uchun O‘zbekiston qanday ishlarni amalga oshirishi kerakligi haqidagi savol bilan yuzlandi.
“JSTga a’zo bo‘lish – uzoq vaqt talab qiladigan murakkab jarayon. Biz bu boradagi islohotlarimizni davom ettirishimiz kerak. Hozirda qonunchilik normalari va bir qator texnik standartlarimizni muvofiqlashtiryapmiz. Biz allaqachon qilinadigan ishlarning ro‘yxatini tuzib olganmiz. Agar biz JSTga a’zo bo‘lsak, bu mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz uchun katta imkoniyatlarni yaratadi. To‘g‘ri, bunday katta bozorga kirish katta raqobat degani, lekin biz raqobatni qabul qilishga tayyormiz”, deydi Xo‘jayev Drakinos savoliga javoban.
Shuningdek, u O‘zbekiston iqtisodiyotida ko‘plab davlat korxonalari borligini ham ochiqchasiga tan oldi.
“Biz davlat korxonalarini xususiylashtiryapmiz. Maqsad – raqobatbardoshlikni oshirish. Lekin raqobatga kirishish va raqobatbardosh bo‘lsa, davlat korxonalari ham bozorga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Qolaversa, davlat subsidiyasi bilan ishlaydigan sanoat kompaniyalari, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi hamda elektronikaga aloqador tarmoqlar erkin bozor sharoitlarida ishlay olishlari uchun hozirgi strategiyasini qayta ko‘rib chiqishi kerak”, deya ogohlantirdi Bosh vazir o‘rinbosari.
Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston JSTga qo‘shilish uchun ko‘plab muhokama jarayonlarida ishtirok etyapti.
“Bu borada mamlakat uchun eng muhim omil – sanoatga ziyon yetkazmasdan murosaga kelishdir. Trend dinamik bo‘ladi, biz bu borada faol ish olib boryapmiz. Men delegatsiya rahbari sifatida muzokaralarni tezroq, qisqa vaqtda yakunlashni istardim”, deydi u.
LiveBarchasi