O‘zbekiston JCHga raqiblarini o‘zi tanlayaptimi? Boks federatsiyasi izoh berdi

Sport

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda o‘tadigan Jahon chempionati haqida “O‘zbekiston raqiblarini o‘zi tanlayapti” degan mazmundagi xabarlar tarqalmoqda. Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston boks federatsiyasi munosabat bildirdi.

“Har ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan kattalar o‘rtasidagi Jahon chempionati Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) tomonidan tashkil etiladi. O‘zbekiston tomoni musobaqada ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tgan mamlakatlarning qatnashish yoki qatnashmasligini belgilash vakolatiga ega emas.  O‘zbekiston musobaqani o‘tkazuvchi davlat hisoblanadi va tashkiliy masalalar bilan shug‘ullanadi”, deyiladi federatsiya bayonotida. 

Shuningdek, federatsiya xabarida O‘zbekiston xalqaro sport normalariga rioya qiluvchi davlat ekanligi ta’kidlangan.

“Chempionat qatnashchilari, terma jamoalar, sportchi va murabbiylar, hakamlarni ro‘yxatdan o‘tkazish IBA tomonidan amalga oshiriladi. Mamlakatimiz musobaqani qabul qilish huquqini qo‘lga kiritgan vaqtda terma jamoalar yoki sportchilarning xalqaro turnirlardagi ishtiroki bo‘yicha bugungi cheklovlar yo‘q edi. O‘zbekiston xalqaro sport normalariga rioya qiluvchi davlat bo‘lib, sport siyosatdan holi tamoyilini qo‘llab-quvvatlaydi”, deya qo‘shimcha qildi federatsiya.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH, Buyuk Britaniya,Kanada Irlandiya, Chexiya va Ukraina kabi davlatlar Toshkent va Yangi Dehlida o‘tkaziladigan Jahon chempionatiga boykot e’lon qilgandi. Ushbu davlatlarning musobaqada ishtirok etmasligiga asosiy sabablardan biri, Xalqaro boks assotsiatsiyasining Rossiya va Belarus bokschilariga o‘z bayroqlari ostida Jahon chempionatida ishtirok etishga ruxsat bergani bo‘lmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing