O‘zbekiston Yevropaga Rossiyasiz yo‘l oldi
Jamiyat
−
28 yanvar
178232024 yilning dekabri va 2025 yilning yanvari odamlar xotirasida samolyotlarga oid voqealar bilan muhrlanib qoladigan bo‘ldi. Dastavval Azarbayjan Airlines aviakompaniyasiga tegishli bo‘lgan samolyotning Qozog‘istonda halokatga uchrashi va undan so‘ng esa turli xil samolyotlarning omadsiz qo‘nishlari har bir mamlakatni xavfsizlik borasida jiddiy o‘ylashga majbur qilgani aniq. Xo‘sh, O‘zbekiston-chi? O‘zbekistonning eng katta aviaqatnovchisi Uzbekistan Airways dunyo osmonidagi xavfsizlikka qanday baho beradi?
Bugun, 28 yanvar kuni Uzbekistan Airways aviakompaniyasida matbuot anjumani o‘tkazildi va unda QALAMPIR.UZ ayni mana shu savolni o‘rtaga tashladi.
“Osmonmi? Bugungi kunda uning situatsiyasi o‘zgarib turadi. Mana NOTAM degan narsa bor. Osmonda qaysidir joy xavfli bo‘lsa, bu narsa bir daqiqada hammaga tarqatiladi, barcha aviakompaniyalarga. Kim qaysi joydan uchadi, uchuv rejasi degan tushunchalar bor.
Xohlagan aviakompaniya o‘zidan o‘zi samolyotga odamlarni o‘tirg‘izib, uchib keta olmaydi. Bu haqda oldindan ma’lumot beriladi, bu ma’lumot esa hammaga tarqatiladi. Agar qaysidir hudud yopiladigan bo‘lsa, osmon xavfli bo‘lsa, o‘sha hudud butunlay yopiladi.
Bugun mana Ukraina hududi va Rossiyaning ayrim hududlari, Krasnodarskiy kray, Rostov va boshqa-boshqa hududlar xavfli hududlar sifatida ko‘rsatilmoqda. Ularning osmonida esa aviakompaniya uchmaydi. Shunaqa joylar bor osmonda. Masalan, Xitoy tomonga uchsangiz, ma’lum joylar borki, harbiy sir nuqtai nazaridan uning osmonidan uchib o‘tish mumkin emas. Vaziyatga baho berish qiyin, chunki har doim vaziyat o‘zgarishi mumkin va xavfli joylar paydo bo‘lishi mumkin. Ammo ayni damda O‘zbekiston havo yo‘llari faqat xavfsiz osmonlarda parvoz qilmoqda”, dedi Uzbekistan Airways boshqaruv raisi Shuhrat Xudoyqulov.
Ayrim xalqaro tashkilotlar Rossiyada bo‘layotgan voqealar tufayli uning osmonini xavfsiz emas deb hisoblaydi. Shu tufayli O‘zbekiston havo yo‘llari ham endi Yevropa davlatlariga borish uchun Rossiya osmonidan uchib o‘tishni to‘xtatganini ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, xavfsizlikni ta’minlash maqsadida Uzbekistan Airways Milliy aviakompaniyasi Yevropaga parvoz yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqqan va asosan Turkiya va Ozarbayjon orqali parvoz yo‘nalishlarini o‘zgartirishga qaror qilgan.
“Rossiyada Rosaviatsiya bor, Yevropada ESA bor, Amerikada FAA bor. Yevropa aviatsiya xavfsizligi agentligi (EASA) bilan muhokamalardan so‘ng biz Yevropa shaharlariga parvozlar yo‘nalishlarini butunlay o‘zgartirdik.
Agar ilgari parvozlarimiz Rossiya havo hududi orqali o‘tgan bo‘lsa, endi mana 20 yanvardan boshlab parvozlar Germaniya, Istanbul va Bahrayn, Xitoy yo‘nalishlari orqali amalga oshirilmoqda. Natijada parvoz vaqti 30-40 daqiqaga oshdi. Bu kompaniya uchun qo‘shimcha xarajatlarga olib keldi, lekin biz aviachiptalar narxlarini qimmatlashtirishni qayta ko‘rib chiqmadik – barcha xarajatlarni o‘zimiz qopladik”, dedi Uzbekistan Airways boshqaruv raisi.
Uning aytishicha, bu yo‘lovchilardan qo‘shimcha xarajat talab qilmaydi.
“Bu fors-major holati hisoblanadi. Shuning uchun biz bunga yo‘lovchi pul to‘lashi kerak emas deb hisoblaymiz”, dedi u.
O‘zbekiston ayni paytda har bir mamlakat osmonini jiddiy tekshirib, xavfsiz yoki xavfsiz emasligini aniqlay oladi. Uzbekistan Airways rahbariyati xodimi nazorat dispetcherlik xonasi bilan tanishtirar ekan, unda bugungi osmoni yopiq davlatlarni bizga ham ko‘rsatdi.
“Ana, Ukrainaga qarang, bitta samolyot yo‘q. Yoki Suriya va Iroq, ularning osmoni ham qizil hudud etib belgilangan. Parvoz qay darajada xavfsiz ekanini aniqlashimiz uchun dispetcherlarimiz 24 soat tinmay faoliyat ko‘rsatadi. Biz esa qayerdan, qaysi samolyot uchayotganini kuzatib turamiz”, Uzbekistan Airways AJ Boshqaruv raisi birinchi o‘rinbosari.
Ammo Ozarbayjon samolyoti bilan sodir bo‘lgan voqeada ko‘plab davlatlar aviakompaniyalari Rossiya bilan aviaqatnovlarni to‘xtatganda ham, o‘zbekistonlik deputat Alisher Qodirov Rossiya bilan xavfsizlik masalalarini ko‘rib chiqinglar deganida ham, O‘zbekiston havo yo‘llari o‘zaro qatnovlarni to‘xtatmagandi. Nega? Uzbekistan Airways shunchalik Rossiyaga ishonadimi?
Shu va shu kabi savollarga QALAMPIR.UZ’ning yuqoridagi videosida javob bor.