O‘zbekiston World Boxing'ga a’zo bo‘lishi mumkin
Sport
−
08 Oktabr
5941Kecha, 7 oktyabr kuni World Boxing prezidenti Boris van der Vorst O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasiga (MOQ) tashrif buyurdi. Bu haqda MOQ matbuot xizmati xabar berdi.
Martabali mehmonni Sport vaziri Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi, Qo‘mita raisi o‘rinbosari, mamlakat boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Po‘latov hamda MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov qarshi oldi.
Dastavval van der Vorstga MOQning faoliyati, o‘zbek sportining shonli tarixi haqida ma’lumot berildi. Shundan so‘ng tomonlar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Yig‘ilishda World Boxing prezidenti tashkilot faoliyati, uning maqsadlari haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, bugungi kunga kelib, 49 davlat ushbu xalqaro federatsiyaga a’zo bo‘lib, boks rivoji bo‘yicha kelgusida qator istiqbolli loyihalar rejalashtirilgan.
Suhbat davomida boks bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar terma jamoasining Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarida 7 ta vazndan 5 tasida oltin medalni qo‘lga kiritgani, bugungi kunda O‘zbekiston boks olamida jahonda yetakchilardan biri ekani ham tilga olindi. Qolaversa, rasmiylar boksning Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturida saqlanib qolishi tarafdori ekanini bildirdi.
Qayd etish joiz, hozirda o‘zbekistonlik sport mutaxassislari World Boxing bilan muzokaralar olib bormoqda. Agar World Boxing tashkiloti Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan tan olinsa, tashkilotga a’zo boks federatsiyalari 2028 yilgi Olimpiadada qatnashishi mumkin.