O‘zbekiston va Jahon banki qo‘shma loyihalari portfeli 10 mlrd dollardan oshdi
Jamiyat
−
09 mart 2023
3091Bugun, 9 mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Anna Berdeni qabul qildi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston va Jahon banki guruhi o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikni, shuningdek, ushbu yetakchi xalqaro institutning mamlakatimizdagi islohotlar dasturini ilgari surishdagi faol ishtirokini kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilingan.
Uchrashuv avvalida davlat rahbari Anna Berdeni yaqinda yangi lavozimga tayinlangani bilan samimiy qutlab, mas’uliyatli faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tilagan.
Uchrashuv kun tartibidan kambag‘allikka qarshi kurashish, energetika tarmog‘ini transformatsiya qilish, davlat korxonalarini xususiylashtirish sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish, ijtimoiy dasturlarni qo‘llab-quvvatlash kabi masalalar o‘rin olgan.
Ta’kidlanishicha, Jahon banki ishtirokidagi amaldagi loyihalar portfeli keyingi bir necha yilda 2 barobar ko‘paygan. Umuman bankning O‘zbekistonga investitsiyalari hajmi 10 milliard dollarga yetgan.
Ma’lum qilinishicha, kambag‘allikka qarshi kurashish, energetika tarmog‘ini transformatsiya qilish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, xususiylashtirishni boshlash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish strategiyasini ishlab chiqish, sog‘liqni saqlash tizimini qo‘llab-quvvatlash va ko‘plab boshqa yo‘nalishlarda sezilarli natijalarga erishilgan.
Shuningdek, bank kambag‘allikka qarshi kurashish, tadbirkorlik loyihalarini rivojlantirish va moliyalashtirish strategiyasini ishlab chiqish, qishloq infratuzilmasi va o‘rta shaharlarni modernizatsiya qilish, xotin-qizlar bandligi va yoshlarning kasbiy ta’limi, 2030 yilga qadar sog‘liqni saqlash strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli rejalarga faol ko‘maklashish niyatida.
Uchrashuvda iqtisodiyotni karbonsizlashtirish va muqobil energetikani rivojlantirish, elektr energiyasi ishlab chiqarish va uzatish sohasida master-rejalar, energetik samaradorlikni oshirish dasturi va favqulodda vaziyatlarda energotizimning barqaror ishlash rejimini ishlab chiqish, gidroenergetika loyihalariga ekspertlar ko‘magini va moliyalashtirishni jalb qilish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida belgilangan.
Bundan tashqari, mazkur uchrashuvda islohotlar va ustuvor loyihalarni ilgari surish uchun Jahon bankining “Mamlakat platformasi” imkoniyatlaridan keng foydalanilishi ta’kidlangan.
Ustuvor loyihalarni tayyorlash va amalga oshirishni tezlashtirish yuzasidan qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olingan.
LiveBarchasi