O‘zbekiston va Turkmaniston Amudaryo bo‘yicha tarixiy bitim imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning muzokaralari ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom etdi.

Muzokaralarda ikki davlatning tarixiy ildizlari va dini birligi, tillari, madaniyat va an’analari mushtarakligi O‘zbekiston-Turkmaniston hamkorligining mustahkam asosi bo‘lib xizmat qilayotgani alohida ta’kidlandi.

“Turkmaniston Prezidentining davlat tashrifini xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari buzilmas, ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga intilish bardavom ekanligining yorqin tasdig‘i sifatida qabul qilamiz,” degan Shavkat Mirziyoyev.

Turkmaniston bilan hamkorlikni mustahkamlash O‘zbekiston tashqi siyosatining shubhasiz ustuvor yo‘nalishi ekani qayd etilgan.

“Ishonchim komil, bugungi muzokaralar keng ko‘lamli hamkorlikni yanada rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi, birodar mamlakatlarimizning strategik sherikligini yanada mustahkamlaydi va sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqadi”, degan O‘zbekiston Prezidenti.

Ikki mamlakat savdodagi ijobiy sur’atni saqlab qolish va uning hajmini yaqin yillarda ikki barobar oshirish uchun barcha imkoniyatlarga ega ekani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston-Turkmaniston chegaraoldi savdo hududi va poytaxtlarda savdo uylarini ochish bo‘yicha qabul qilingan qarorlar shunga xizmat qiladi.

Tomonlar kimyo tarmog‘idagi aloqalar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilganini yuksak baholadi. Avtomobilsozlik, elektrotexnika, to‘qimachik va farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati va qishloq xo‘jaligida kooperatsiyani kengaytirish rejalashtirilgan.

Ta’kidlanishicha, shu maqsadda o‘rta mudddatli Savdo-iqtisodiy hamkorlik va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish dasturi qabul qilinadi. Bundan tashqari, eng istiqbolli loyihalarni ilgari surish uchun qo‘shma loyiha ofisi tashkil etiladi.

“Transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilgan. O‘tgan yilda yuk tashishlar hajmi 17 foizga ortib, bu tendensiya joriy yilda ham saqlanib qolmoqda. Tomonlar mintaqa mamlakatlarining noyob tranzit salohiyatidan samarali foydalanish uchun qulay sharoitlar yaratish, shu jumladan yuklarni tashish uchun o‘zaro imtiyoz va chegirmalar berishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar”, deyiladi Prezident Matbuot xizmati xabarida.

Davlat rahbarlari suv-energetika sohasidagi hamkorlikka to‘xtalar ekan, Suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha hukumatlararo komissiya muvaffaqiyatli ishlayotganini urg‘ulagan. Shavkat Mirziyoyev bugun mintaqa suv resurslaridan oqilona foydalanishga xizmat qiladigan tarixiy ahamiyatga ega Amudaryo bo‘yicha bitim imzolanishini mamnuniyat bilan qayd etgan.

Shuningdek, O‘zbekistan energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan Turkmanistondan elektr energiyasi, gaz va neft mahsulotlarini xarid qilishdan manfaatdor ekani qo‘shimcha qilingan.

Turkmaniston tomoni tovar ayirboshlashni diversifikatsiya qilish va oshirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishdan manfaatdorligini bildirgan.

“Mamlakatlarimiz ulkan salohiyatga ega muayyan tarmoqlar orasida biz agrosanoat majmui, energetika, kimyo va neft-kimyo, mashinasozlik, to‘qimachilik va farmatsevtikani qayd etmoqchimiz. Biznes dioralari o‘rtasidagi sheriklikni kengaytirish uchun jiddiy imkoniyatlar bor. Keyingi yillarda chegaradosh hududlar o‘rtasidagi aloqalar faollashdi. O‘zbekiston bilan hamkorlikni davom ettirish va kengaytirish niyatidamiz”, degan Turkmaniston Prezidenti.

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari ikki mamlakat hukumatlariga erishilgan kelishuvlarning so‘zsiz ijrosini ta’minlash va ularning amalga oshirilishi yuzasidan har oy axborot berib borishni topshirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev O'zbekiston-Turkmaniston Serdar Berdimuhamedov

Baholaganlar

405

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing