O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo hajmi 5 mlrd dollarga yetkaziladi
Jamiyat
−
10 aprel 2021
2301Joriy yilning 8 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Turkiya Respublikasi savdo vaziri Ruxsar Pekjan bilan uchrashdi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv doirasida Turkiya eksportchilari assambleyasi, Turkiya tadbirkorlar va hunarmandlar uyushmasi, Turkiya pudratchilar uyushmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Savdo-sanoat palatasi rahbarlari ishtirokida kengaytirilgan tarkibdagi ikki tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tgan.
Tomonlar O‘zbekiston iqtisodiyotiga Turkiya investitsiyalari oqimining jadal o‘sishi bilan tavsiflanadigan investitsiyaviy hamkorlik sohasidagi tendensiyalarni muhokama qilgan. Shuningdek, O‘zbekistonda investitsiya loyihalarini amalga oshirayotgan turk tadbirkorlariga tizimli yordam ko‘rsatishga o‘zaro sodiqligini ta’kidlagan.
Uchrashuvda ikki tomonlama savdo munosabatlarini rivojlantirishning hozirgi holati va istiqbollari, jumladan, yaqin kelajakda o‘zaro savdo hajmini 5 mlrd dollarga yetkazish maqsadida savdo aylanmasini oshirish bo‘yicha navbatdagi qo‘shma chora-tadbirlar muhokama qilingan.
Muloqot chog‘ida Turkiya tomoni O‘zbekiston tomonidan xalqaro iqtisodiy makonga integratsiyalashish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholab, muzokaralar jarayoniga jalb etilgan o‘zbek mutaxassislari uchun treninglar va maslahatlashuvlar tashkil etish orqali Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish jarayonida har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan.
Uchrashuv va muzokaralar yakunida “O‘zstandart” Agentligi huzuridagi Akkreditatsiya markazi va Turkiya Respublikasining Akkreditatsiya agentligi o‘rtasida “Halol” standartini joriy etish borasida O‘zaro anglashuv memorandumi imzolangan.
LiveBarchasi