O‘zbekiston va Serbiya Prezidentlari qo‘shma biznes forumida qatnashdi
Jamiyat
−
21:41 391 2 daqiqa
Bugun, 8 sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich qo‘shma biznes forumida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, tadbirda ikki mamlakatning 200 nafardan ziyod rasmiy va ishbilarmon doira vakillari, yetakchi sanoat va savdo korxonalari rahbarlari, xususan, Serbiyaning “Galenika”, “AbelaPharm”, “Gosa FOM”, “YUMCO”, “Luss Textile” kabi kompaniyalari qatnashgan.

O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida samarali o‘tgan oliy darajadagi muzokaralar ikki tomonlama aloqalarda yangi sahifa ochganini ta’kidlagan. O‘zbekiston va Serbiya o‘rtasida strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilgani asosiy natija bo‘lgan.
O‘zaro yetkazib beriladigan mahsulotlar turini kengaytirish va bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish hisobiga o‘zaro savdo hajmini bir necha barobar oshirish bo‘yicha marra belgilangan. Sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish maqsadida 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilingan.

O‘zbekiston Prezidenti iqtisodiy sheriklikni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tgan. To‘qimachilik va elektrotexnika mahsulotlari, avtomobil va sanoat butlovchi qismlarini birgalikda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, farmatsevtika preparatlarini mahalliylashtirish, meva-sabzavot mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, dasturiy ta’minot va sun’iy intellekt sohalarida loyihalarni amalga oshirish shular jumlasidan.

O‘zbekiston yetakchisi Serbiya biznesi uchun mamlakatda qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaratishga hamda har bir qo‘shma loyihani amalga oshirishda amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirgan.
Yakunda qator ikki tomonlama iqtisodiy bitimlar va savdo shartnomalari imzolangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Belgrad shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Serbiya Respublikasi Prezidenti Aleksandr Vuchich Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma deklaratsiyani imzolagani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, Belgrad shahridagi tadbirlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Serbiyaning oliy davlat mukofoti – Katta zanjirli Serbiya Respublikasi ordeni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.