O‘zbekiston va Rossiya “spetsnaz”lari harbiy mashg‘ulot o‘tkazdi (video)

Jamiyat

image

Avvalroq Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasidagi Sayana tog‘larida RF Markaziy harbiy okrugi va O‘zbekiston maxsus topshiriqlar bo‘linmasi (spetsnaz) qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazayotgani haqida xabar bergan edik. Ushbu harbiy mashg‘ulotlar joriy yilning 8 iyun kuni boshlanib, 11 iyunga qadar davom etdi. 

Birinchi bosqichda harbiy xizmatchilar toshloq joylardan o‘tish, shuningdek G‘arbiy Sayana tog‘ tizmasining yurish qiyin bo‘lgan toshli yerlarida shartli ravishda jarohat olganlarni balandlikka olib chiqish va olib tushish mashqlarini bajardi. Shuningdek, bemorlarni hayvonlar yordamida evakuatsiya mashg‘ulotlarini o‘tadi. 

Bugun, 11 iyun kuni Krasnoyarsk o‘lkasida bo‘lib turgan Rossiya va O‘zbekiston “spetsnaz”ining qo‘shma mashqlari yakunlandi. Ular dengiz sathidan 1700 metr balandlikda, G‘arbiy Sayana tog‘laridagi poligonda harbiy mashg‘ulot o‘tadi.

“Avvalo, men davlat rahbarlariga, shuningdek Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi rahbariyatiga, bundan tashqari Yergaki o‘quv markazi xodimlariga o‘z minnatdorligimni bildirmoqchiman. Bu yerda rossiyalik hamkasblar bilan tanishib, tajriba va mahorat almashish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Menga bu yerning tabiati va boy moddiy-o‘quv bazasi juda yoqdi. Ushbu mashg‘ulot davomida biz katta tajriba to‘pladik”, deya ta’kidlaydi O‘zbekiston Qurolli Kuchlari podpolkovnigi Sirojiddin Bozorov.

Qo‘shma razvedka guruhlari bir necha kun davom etgan mashg‘ulotlarda tog‘li o‘rmon marshrutlarini yengib o‘tib, qidiruv va razvedka tadbirlarini o‘tkazdi, shuningdek pistirmalar va reydlar uyushtirdi. 

“Mashqlar davomida tog‘ va o‘rmonli hududlarda maxsus topshiriqlarni bajarish uchun shaxsiy tarkibni tayyorlash bo‘yicha tajriba almashdik. Sibir tog‘larining og‘ir sharoitlariga qaramay, barcha xodimlar topshiriqlarni bajarishda jasorat va matonat ko‘rsatdi. Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi nomidan mashqlarning barcha ishtirokchilariga o‘z minnatdorligimni bildiraman”, deydi polkovnik Oleg Sokolov.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

170

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing