O‘zbekiston va Ozarboyjon Prezidentlari Oliy davlatlararo kengash yig‘ilishini o‘tkazdi

Jamiyat

image

Bugun, 23 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev rafiqasi hamrohligida 23 avgust kuni davlat tashrifi bilan Toshkentga keldi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi. 

Qayd etilishicha, “Toshkent-Humo” xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonlarni davlat rahbari va rafiqasi kutib olgan.

Ikki mamlakat davlat bayroqlari ko‘tarilib, faxriy qorovul saf tortgan.

Shuningdek, Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan kelgan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevni tantanali kutib olish marosimi bo‘lgan.

Ikki davlat bayroqlari bilan bezatilgan maydonda  Ozarbayjon Prezidenti sharafiga faxriy qorovul saf tortgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy kutib olib, shohsupaga taklif qilgan. O‘zbekiston va Ozarbayjon davlat madhiyalari yangragan.

Yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutlagan.

Shundan so‘ng, Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev tor doirada uchrashuv hamda Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishini o‘tkazgan.

Muzokaralarda O‘zbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Davlat rahbari Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining bu galgi davlat tashrifi tarixiy voqea ekanini alohida ta’kidlagan.

“Sammit yakunida Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi buning tasdig‘i bo‘ladi. Eng muhimi, strategik sheriklik va ittifoqchiligimizning har bir bandi aniq natijalar va amaliy harakatlarda o‘z ifodasini topadi”, deydi Shavkat Mirziyoyev.

Yetakchilar ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib borayotganini qayd etgan. Parlamentlar, hukumatlar va tarmoqlar o‘rtasida muntazam muloqot yo‘lga qo‘yilgan.

Tashrifga tayyorgarlik doirasida Hukumatlararo komissiya, Ishbilarmonlar kengashi yig‘ilishlari va Hududlar forumi muvaffaqiyatli o‘tkazilgan.

Qayd etilishicha, so‘nggi besh yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 3 barobarga ortgan. Energetika, kimyo, konchilik, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, shaharsozlik va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari mavjudligi qayd etilgan. Aniq chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan dastur qabul qilinayotgani mazkur muhim marraga erishish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Yig‘ilish doirasida yangi kooperatsiya loyihalarini bajarishga start beriladi. Bunday tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qo‘shma investitsiya kompaniyasi mablag‘larini faol jalb etish muhimligi ta’kidlangan.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish, O‘rta yo‘lakni birgalikda rivojlantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan.

Yetakchilar madaniyat, ta’lim, yoshlar siyosati va sport sohalaridagi faol almashinuvlarni davom ettirishga kelishib olgan.

Ikki xalqni yanada yaqinlashtirish maqsadida “Nizomiy Ganjaviy va Alisher Navoiy o‘rtasidagi adabiy ko‘prik” mavzusida qo‘shma kinofilm yaratish taklif etilgan.

Joriy yilning kuzida Ozarbayjonda yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlarining ikkinchi forumi bo‘lib o‘tadi.

2027 yilda mamlakatlarda muhim sport voqeasi – futbol bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati bo‘lib o‘tadi. Bu borada qo‘shma sport, madaniyat va yoshlarga oid tadbirlarni o‘tkazishni nazarda tutuvchi keng ko‘lamli “Ikki mamlakat – bir chempionat” dasturi ishlab chiqiladi.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashgan.

Yig‘ilishda Hukumatlararo komissiya hamraislarining axborotlari tinglangan.

Erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirishga qaratilgan “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga qaror qilingan.

Yakunda bank-moliya, qurilish materiallari, ta’lim, neft-gaz, turizm, uy-joy qurilishi, tog‘-kon sanoati va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga start berilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing