O‘zbekiston va Ozarbayjon U-20 JCHga tayyorgarlikni boshladi

Sport

image

Xalqaro Futbol Federatsiyalari Assotsiatsiyasi (FIFA) Kengashining 2025 yil 2 oktyabrdagi yig‘ilishida 20 yoshgacha bo‘lgan erkaklar o‘rtasida futbol bo‘yicha Jahon chempionatini (FIFA U-20 World Cup) 2027 yilda Ozarbayjon va O‘zbekistonda o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi. O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari 2027 yilda futbol bo‘yicha U-20 Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi tegishli qarorlarni bir vaqtda imzoladi.

Bugun, 15 dekabr kuni O‘zbekiston Pespublikasi Prezidentining “2027 yilgi futbol bo‘yicha U-20 Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unda 2027 yilda futbol bo‘yicha U-20 Jahon chempionatini tashkil etish va o‘tkazishning ustuvor yo‘nalishlari quyidagilar  etib belgilandi:

Jahon chempionatiga munosib tayyorgarlik ko‘rish, uni yuqori darajada o‘tkazish, Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish bo‘yicha Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi  talablariga muvofiq zarur bo‘lgan infratuzilmani yaratish, Jahon chempionati ishtirokchilari va muxlislariga yuqori darajadagi xizmatlarni ko‘rsatish uchun qulay sharoitlar yaratish, Jahon chempionatini o‘tkazish orqali mamlakatda xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini oshirish, xorijiy hamkorlik aloqalarini rivojlantirish.

Shuningdek, Tashkiliy qo‘mitaga Jahon chempionatini yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha mas’ul davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish, FIFA talablariga muvofiq Jahon chempionati o‘tkaziladigan ob’ektlarning infratuzilmasini yaxshilash, zamonaviy texnik va telekommunikatsiya uskunalari bilan jihozlanishini ta’minlash, Jahon chempionati ishtirokchilarining O‘zbekistonga kelib-ketishi, ularga viza rasmiylashtirilishi, transport, tibbiy xizmat ko‘rsatish va volontyorlik masalalarini muvofiqlashtirish, Jahon chempionati bo‘lib o‘tadigan hududlarni uzluksiz va muqobil elektr energiyasi bilan ta’minlash, obodonlashtirish ishlari o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash, Jahon chempionati bo‘lib o‘tadigan hududlarda futbol stadionlari, mashg‘ulot maydonlari va mehmonxonalarni tayyor holatga keltirish vazifalari yuklatildi.

Bundan tashqari, Tashkiliy qo‘mitaga yuqorida nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish doirasida Jahon chempionatini yuqori saviyada tashkil etish bilan bog‘liq tezkor qarorlarni qabul qilish vakolati berildi.

Shuningdek, Sport vazirligi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining talabnomalariga asosan Transport vazirligi Jahon chempionatida akkreditatsiyadan o‘tgan shaxslar hamda o‘yin kunlari chiptalari mavjud bo‘lgan shaxslarning jamoat transporti vositalarida borib kelishi uchun Toshkent – Yangi Toshkent – Toshkent yo‘nalishida alohida avtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yish, Jahon chempionatida akkreditatsiyadan o‘tgan shaxslar hamda o‘yin kunlari chiptalari mavjud bo‘lgan shaxslar uchun jamoat transporti vositalaridan (avtobus, metro) bepul foydalanish imkoniyatlarini yaratish choralarini ko‘rish vazifasi yuklatildi.

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Sport vazirligi bilan birgalikda Jahon chempionatining rasmiy futbol to‘pini, logotipini, ramzini (maskot) ommaga tanishtirish marosimlari hamda boshqa rasmiy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish choralarini ko‘rish, Jahon chempionati bosh sovrini — Jahon kubogini ommaga tanishtirish uchun respublika bo‘ylab marshrutini ishlab chiqsin va uning amalga oshirilishini tashkil etish, Energetika vazirligi Jahon chempionati ob’ektlari va Xalqaro translyatsiya markazini FIFA talablari bo‘yicha uzluksiz va muqobil elektr energiyasi bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligiga FIFA tomonidan belgilangan talablarga muvofiq Jahon chempionati uchrashuvlarini efirga uzatish huquqi uchun litsenziya olish choralarini ko‘rish, Jahon chempionatini mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida keng yoritish bo‘yicha mediarejani ishlab chiqish va mazkur qarorning mazmun-mohiyati va amaliy ahamiyatini yoritishga oid maqolalar e’lon qilinishi, brifinglar, tematik teleko‘rsatuvlar tayyorlanishini tashkil etish vazifasi yuklatildi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Jahon chempionatiga munosib tayyorgarlik ko‘rish, uni yuqori darajada tashkil etish va o‘tkazish uchun talab etiladigan mablag‘lar 2026–2027 yillarda Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilishi aytib o‘tildi.

Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sport vaziri Atxam Ikramov, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi raisi Bahodir Kurbanov hamda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov belgilandi. Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sport bo‘yicha vakili Odil Abduraxmanov zimmasiga yuklatildi.

Qardosh Ozarbayjon Respublikasida ham mamlakat Prezidentining 2027 yilda Ozarbayjonda bo‘lib o‘tadigan FIFA U-20 Jahon chempionati tashkiliy qo‘mitasini tuzish to‘g‘risidagi farmoni imzolandi. 

Ozarbayjon Respublikasi Konstitutsiyasining 109-moddasi 32-bandiga asoslanib, 20 yoshgacha bo‘lgan erkaklar o‘rtasida futbol bo‘yicha Jahon chempionatini 2027 yilda Ozarbayjonda munosib o‘tkazishni ta’minlash maqsadida Prezident Ilhom Aliyev qaror qilgan. 

Unga ko‘ra, 2027 yilda Ozarbayjonda 20 yoshgacha bo‘lgan erkaklar o‘rtasida futbol bo‘yicha Jahon chempionatini o‘tkazish munosabati bilan Tashkiliy qo‘mita tuziladi. 

Qo‘mita raisi sifatida Ozarbayjon Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Samir Sharifov, qo‘mita raisi o‘rinbosari sifatida Ozarbayjon Respublikasi Yoshlar va sport vaziri, qo‘mita a’zolari sifatida Ozarbayjon Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari, Moliya vaziri o‘rinbosari, Madaniyat vaziri o‘rinbosari, Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, Raqamli rivojlanish va transport vaziri o‘rinbosari, Fan va ta’lim vaziri o‘rinbosari, Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari, Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, Xonkendi shahri, Ag‘dara va Xo‘jali tumanlarida Ozarbayjon Respublikasi Prezidentining maxsus vakili, Boku shahar ijro hokimiyati rahbari, Davlat Turizm Agentligi raisi, Oziq-ovqat xavfsizligi agentligi raisi, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolarga xizmat ko‘rsatish va ijtimoiy innovatsiyalar bo‘yicha Davlat agentligi raisi, Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, Davlat xavfsizlik xizmati rahbari o‘rinbosari, Davlat migratsiya xizmati rahbari o‘rinbosari, Davlat chegara xizmati rahbari o‘rinbosari, Avtomobil yo‘llari davlat agentligi Boshqaruv kengashi raisi, “Ozarbayjon havo yo‘llari” yopiq aksiyadorlik jamiyati prezidenti, “Azerishiq” ochiq aksiyadorlik jamiyati raisi, “Azerenerji” ochiq aksiyadorlik jamiyati prezidenti, Tibbiy hududiy bo‘linmalarni boshqarish birlashmasi ijrochi direktori, Milliy Olimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti, Futbol Federatsiyalari Assotsiatsiyasi prezidenti, Ganja shahar ijro hokimiyati rahbari, Gabala tumani ijro hokimiyati rahbari, Sumgayit shahar ijro hokimiyati rahbari kiritilgan. 

2027 yilda Ozarbayjonda 20 yoshgacha bo‘lgan erkaklar o‘rtasida futbol bo‘yicha Jahon chempionatini o‘tkazish bilan bog‘liq holda Xalqaro Futbol Federatsiyalari Assotsiatsiyasi (FIFA) bilan muvofiqlashtirish ishlarini olib borish Ozarbayjon Futbol Federatsiyalari Assotsiatsiyasiga yuklatilgan.

Tashkiliy qo‘mita 2027 yilda Ozarbayjonda 20 yoshgacha bo‘lgan erkaklar o‘rtasida futbol bo‘yicha Jahon chempionatini o‘tkazish bilan bog‘liq zarur masalalarni hal qilishi topshirilgan.

Ozarbayjon Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu Farmondan kelib chiqadigan masalalarni hal etishi buyurilgan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri matbuot kotibi Ahror Burhonovning QALAMPIR.UZ'ga ma’lum qilishicha,  O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlari tomonidan 2027 yilda futbol bo‘yicha U-20 Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarorlarning bir vaqtda imzolanishi ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarining yuksak darajasini yaqqol namoyon etishini bildirdi.

“U-20 Jahon chempionatining o‘tkazilishi O‘zbekiston va Ozarbayjonning xalqaro nufuzini oshirish, yoshlar sportini rivojlantirish hamda do‘stlik, o‘zaro anglashuv va halol raqobat qadriyatlarini targ‘ib etishga muhim hissa qo‘shadi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mazkur nufuzli musobaqani yuqori saviyada tayyorlash va o‘tkazish yo‘lida xalqaro hamkorlikni izchil qo‘llab-quvvatlab boradi”, deydi u. 

Burhonovga ko‘ra, mazkur qadam Toshkent va Baku o‘rtasida sport va gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga, shuningdek, yirik xalqaro loyihalarni birgalikda amalga oshirishga bo‘lgan o‘zaro ishonch va tayyorlikni tasdiqlaydi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Ozarbayjon FIFA U-20 Jahon chempionati

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing