O‘zbekiston va Qozog‘iston Qirg‘izistonga elektr yetkazib beradi
Jamiyat
−
24 noyabr 2240 2 daqiqa
Olmaota shahrida o‘tgan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston energetika hamda suv xo‘jaligi vazirlari yig‘ilishida suv-energetika sohasidagi hamkorlik parametrlari va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bu haqda O‘zbekiston Energetika vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, tomonlar To‘xtagul suvomboridagi murakkab vaziyatni hisobga olgan holda, o‘zaro elektr energiyasi yetkazib berish orqali bir-birlarini qo‘llab-quvvatlash, isitish mavsumini muvaffaqiyatli o‘tkazish va kelgusi vegetatsiya mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish uchun birgalikdagi sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirishga qaror qilgan.
Bunda Qozog‘iston va O‘zbekiston kuz-qish mavsumida Qirg‘izistonga elektr energiyasi yetkazib berishga tayyorligini tasdiqlagan. Bu Qirg‘iziston tomoniga qishda elektr ishlab chiqarish hajmini kamaytirish va To‘xtagul suvomborida suv to‘plash imkonini beradi. Jamg‘arilgan hajm vegetatsiya davrida janubiy hududlarning qishloq xo‘jaligi yerlarini barqaror sug‘orishni ta’minlash uchun Qozog‘iston va O‘zbekistonga yo‘naltiriladi.
Bundan tashqari, mintaqada iste’molni kamaytirish va energiyani tejash bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ko‘rish to‘g‘risida kelishuvga erishilgan.
“Muzokaralar ishtirokchilari hamkorlikdagi ishlar yaxshi qo‘shnichilik ruhida olib borilayotgani va butun Markaziy Osiyoda energetika xavfsizligi va barqarorligini mustahkamlashga qaratilganini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekiston tomoni tranzit, yetkazib berish va energiya tizimini muvozanatlash uchun texnik shartlarni ta’minlashga tayyorligini tasdiqladi”, deyiladi xabarda.
Yig‘ilish yakunida 2026 yil vegetatsiya davri uchun qishki elektr energiyasi yetkazib berish va suv to‘plash hajmlarini huquqiy jihatdan mustahkamlovchi uch tomonlama bayonnoma imzolangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston 2026 yilda ham Afg‘onistonga elektr energiyasi yetkazib berishni davom ettirishi ma’lum qilingandi.
Live
Barchasi