O‘zbekiston va AQSH afg‘on uchuvchilari masalasida kelishib oldi – WSJ
Olam
−
12 Sentabr 2021
30235Afg‘onistonda “Tolibon” hokimiyatga kelishi oqibatida samolyot va vertolyotlarda O‘zbekistonga qochib o‘tgan afg‘on uchuvchilari oilalari bilan Amerika bazasiga ko‘chiriladi. Rasmiy Toshkent va Vashington tegishli kelishuvga erishdi. Bu haqda “Wall Street Journal” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, uchuvchilar toliblar barcha amaldorlar, harbiylarga amnistiya e’lon qilganiga qaramay, o‘zi va yaqinlari xavfsizligi uchun xavotirlanyapti. Umumiy hisobda O‘zbekistonda 585 nafar afg‘on uchuvchisi, ekipaj a’zolari va ularning qarindoshlari bor.
Ta’kidlanishicha, ular AQSHning Dohadagi harbiy bazasiga joylashtiriladi, ammo keyinchalik uchuvchilar Amerikaga yo‘l olishi yoki boshqa biror joyga ko‘chirilishi haqida ma’lumot yo‘q.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda Afg‘oniston harbiy havo kuchlariga tegishli 46 ta samolyot va vertolyot bor va ularning kelgusi taqdiri mavhum ligicha qolmoqda.
Avvalroq, “Tolibon” harakati O‘zbekistonga bosib o‘tkazib, afg‘on uchuvchilari va harbiy texnikalarini qaytarishni talab qilayotgani haqida xabar bergan edik.
Eslatib o‘tamiz, AQSH tarixida eng uzoq – 20 yil davom etgan harbiy operatsiya joriy yilining 31 avgust kuni yakunlandi. Bu bilan birga Afg‘onistondan AQSH harbiylari va fuqarolarini evakuatsiya qilish ham nihoyasiga yetdi. Ahamiyatlisi, amerikaliklar mamlakatni tark etishga ulgurmasidan joriy yilning 15 avgust kuni "Tolibon" harakati Afg‘onistonda hokimiyatni egalladi.
Ma’lumot o‘rinda, 2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlari olib chiqib ketildi.
LiveBarchasi