O‘zbekiston Ummon sultonligini qo‘llab-quvvatlashini ochiqladi
Olam
−
01 mart 3214 3 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaqin Sharqdagi murakkab vaziyat sababli Ummon sultonligini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Saidov Ummon sultonligi Tashqi ishlar vaziri Sayyid Badr bin Hamad al-Busaydiy janoblari bilan telefon orqali samarali muloqot qilgan. Suhbat chog‘ida mintaqadagi vaziyat yuzasidan fikr almashilgan.
“O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining samimiy qo‘llab-quvvatlovini yetkazdik”, deydi O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri.
Shuningdek, muloqot davomida suverenitet va hududiy yaxlitlikka hurmat, shuningdek barcha masalalarni tinch yo‘l bilan hal etish tamoyillariga sodiqlik yana bir bor tasdiqlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaqin Sharqdagi vaziyat tufayli Qatar va Quvayt xalqiga hamdardlik bildirgan edi.
AQSH–Isroil–Eron urushi
Kecha, 28 fevral kuni Isroil kutilmagan vaqtda Eronga qarata havodan zarbalar yo‘lladi. Ushbu zarbalar Eronning muhim ob’ektlari – Prezident qarorgohi, davlat idoralari va yadro inshootlariga tekkani iddao qilinmoqda. Eronning “Mehr” axborot agentligi Tehrondagi Eron razvedka binosiga ham hujum qilinganini yozgan. Isroil tomonidan start berilgan operatsiya “Yehuda qalqoni” deb nomlangan. Dastlabki manbalarga ko‘ra, Eronga o‘ttizdan ortiq raketalar yo‘llangan bo‘lishi mumkin.
Oradan biroz vaqt o‘tib Isroil Mudofaa kuchlari Eronga hujumni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Mudofaa vazirligi Isroil fuqarolaridan xavfsiz joyga yashirinishni so‘ragan. Mamlakatda shoshilinch ravishda favqulodda holat e’lon qilingan.
Shu orada AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bo‘yicha operatsiyalar haqida 8 daqiqalik bayonot bergan va unda Eronga qilingan hujumda AQSHning ishtirok etganini tasdiqlagan. Uning qayd etishicha, Eronga qilingan harbiy opreatsiyalar Amerika xalqini himoya qilish uchun amalga oshirilmoqda. U o‘z bayonotida eronliklarni amaldagi tuzumni ag‘darishga chaqirgan. Tramp Eron harbiy xizmatchilariga taslim bo‘lishni va buning evaziga «immunitet» olishni taklif qildi yoki “muqarrar o‘lim”ni tanlashlari mumkinligini aytgan.
Qolaversa, barcha voqealarni bir chetdan kuzatib turgan Eron sobiq valiahd shahzodasi Rizo Pahlaviy ham Eron xalqiga murojaat qilib, mamlakat uchun hal qiluvchi lahzalar kelganini ta’kidlagan. Shuningdek, u bu so‘nggi jang ekanini va unda Eron xalqi Islom Respublikasi tuzumi ustidan g‘alaba qozonishini ta’kidlagan.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay endi Eron Isroil davlati hududiga qarata zarba yo‘llashni boshladi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham hujumlarni tasdiqlab, bayonot bergan. Unga ko‘ra, Isroil va AQSHning Eronga qarshi qo‘shma operatsiyasi Eron terror rejimi keltirib chiqarayotgan tahdidni bartaraf etishga qaratilgan. Netanyaxu maxsus murojaatida so‘nggi 47 yil davomida Eron rahbariyati Isroil va AQSHga qarshi ochiq tahdidlar qilgan hamda mintaqada zo‘ravonlik siyosatini yuritganini aytgan.
Avvalroq, Eron davlat televideniyesi Xomanaiy Isroil va AQSH tomonidan o‘ldirilganini xabar qilgan edi. Eronning “Tasnim” axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, u kecha, 28 fevral kuni ertalab o‘z ishxonasida o‘ldirilgan. Oyatullohning vafoti munosabati bilan mamlakat bo‘ylab 40 kunlik umumxalq motami va 7 kunlik umumxalq dam olish kunlari e’lon qilindi.
Shuningdek, Eron hududiga uyushtirilgan hujum chog‘ida Oyatullohning oila a’zolaridan to‘rt kishi – qizi, kuyovi, nabirasi va kelinlaridan biri ham halok bo‘lgan.
Qayd etish joiz, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi Islom Respublikasi Oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyning vafoti tasdiqlanganidan so‘ng, mamlakat “Qurolli kuchlari tarixidagi eng shiddatli hujum operatsiyasi” boshlanganini ma’lum qilgandi.
Shundan so‘ng, Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi mamlakat Isroil va AQSHga qarshi yangi hujumlar boshlanganini e’lon qildi.
Live
BarchasiEron Kiprga ham zarba berdi
01 mart